Yoqilg‘i-energetika tizimi tashkilotlarining yangi rahbarlari jamoaga tanishtirildi






2026-yil 27-iyul O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoqilg‘i-energetika masalalari bo‘yicha maslahatchisi Bexzot Narmatov ishtirokida yoqilg‘i-energetika tizimi tashkilotlariga tayinlangan yangi rahbarlarni jamoaga tanishtirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Energetika vaziri Sherzod Xodjayev, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi Sardor Isaqulov hamda “O‘zenergoinspeksiya” rahbari lavozimiga tayinlangan Axad Isoqjonov jamoaga tanishtirildi. Unda yoqilg‘i-energetika tizimidagi barcha tashkilotlar rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida bugun davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan tanqidiy yig‘ilishda belgilangan ustuvor vazifalar yana bir bor muhokama qilinib, ularning ijrosini o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq ta’minlash yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, belgilangan vazifalarni vijdonan va yuksak mas’uliyat bilan bajarish, sohada ijro intizomini yanada mustahkamlash, yuklatilgan vazifalar ijrosiga befarqlik yoki xiyonatga mutlaqo yo‘l qo‘yilmasligi alohida ta’kidlandi. Bu borada har bir rahbar va mas’ul xodimning shaxsiy javobgarligi yuqori ekani qayd etildi.
Shu bilan birga, sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar hali juda ko‘p ekani ta’kidlandi. Erishilayotgan natijalarni yutuq sifatida emas, balki har bir rahbar va mas’ul xodimning o‘z xizmat vazifasini vijdonan va sidqidildan bajarishining tabiiy natijasi sifatida baholash zarurligi qayd etildi. Barcha kuch va sa’y-harakatlar belgilangan vazifalarning to‘liq va samarali ijrosini ta’minlashga qaratilishi lozimligi alohida uqtirildi.
Yig‘ilish yakunida yoqilg‘i-energetika tizimidagi tashkilotlar rahbarlari va jamoalari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni birgalikda, fidoyilik, yuksak mas’uliyat va qat’iy intizom asosida amalga oshirish zarurligi yana bir bor ta’kidlandi.

