Buxoro amirining Sitorai Moxi Xossa saroyi

             Buxorodan to’rt kilometr shimolda, Samarqand yuli yoqasida so’nggi amirlarning shahar chetidagi eng ko’rkam saroylaridan biri qad ko’targan. Uni o’tgan asrda Amir Abdulahadxon qurdira boshlagan edi. Yevropaning qurilish tajribalarini o’rganish va o’zlashtirish uchun amir o’z ustalarini Rossiya poytaxti Peterburgga, so’ng Yaltaga yullagan edi. Amir keyincha Yaltada xam o’zi uchun saroy qurdirdi. Buxoro chetidagi saroy (eski saroy) mahalliy me’mor Hoji Hafiz rahbarligida qurila boshlagan. Bu yerdagi binolarning ko’rinishi Yevropa va Osiyo me’morchilik uslublarining aralashmasidan iborat.

            Eski saroyning sharq tomoniga so’nggi Buxoro amiri – Olimxonning buyrug’i bilan yangi saroy, ko’shklar va bog’ barpo kilingan. Bog’ning kattaligi 6,7 gektar kelib, gulzorlar, chiroyli ishkomlar, mevazor va hayvonot bog’idan iborat. Saroy bog’ atrofi baland paxsa devor bilan o’ralgan edi. Saroyning shimol tomonida asosiy kirish darvozasi, janub tomonida esa yulagining usti ayvonga o’xshatib ishlangan yana boshqa darvoza bor edi. Bu darvoza keng ochiq maydonga qarab turadi.  Maydonda an’anaviy uloq o’yinlari o’tkazilgan.

Amir Olimxonning Yangi saroyi rus injenerlari Sakovich va Margulis kuzatuvida va rahbarligida qurildi. Saroy Rossiyadan keltirilgan ko’zgular, kafelli golland pechlari, billur shamdonlar, karnizlar, uy jihozlari bilan pardozlandi va jihozlandi.

              1911 yilga kelib chor Rossiya podshosi Nikolay II, o’z saltanati qudratini ko’z-ko’z qilish uchun bo’lsa kerak, Buxoro amiri Olimxonga elektr dvijok tuhfa qiladi. Bu paytda amir farmoni bilan shahar chekkasida bahavo joylardan birida – Sitorai Moxi Xossada Yozgi saroy qad ko’tarayotgan edi. Oqibat amir Olimxon Nikolay II sovg’asini Yozgi saroyi darvozasi yonida o’rnattirdi. Umumiy quvvati 50 kVT li bo’lgan elektr generator yordamida saroy zallari, xonalari, hovlisini yoritishday e’tirofli hodisa 1913 yilda yuz berdi.