Buxoro amirning Shirbuddin saroyi

Buxoro amirining Shirbudin saroyi

         “Moziyga  qaytish  –  xayrli ish» – deb zikr etgandi bir vaqtlar ulug’ bobomiz Abdulla Qodiriy. Biz Buxoro elektrlashtirish bilan bog’liq voqyealarni yod etishdan ilgari undan-da  moziyga qaytsak.

       Elektr chiroqlari yongunicha buxoroliklar tunni sham, qora chiroq yordamida yoritar edilar. Saroyni, boy xonadonlarni ajoyib, naqshinkor shamdonlardagi shamlar ravshan etsa, qaysidir kulba sohibalari oy nurida kashta tikkanlari rost.

       1868 yilgi chor Rossiyasi bosqinidan so’ng vohamizga har xil yoriqli yer chiroqlar olib kelindi. Bu chiroqlar qora chiroqdan ko’p jihatlari bilan afzal edi.

Hozirgi davrgacha bizgacha yetib kelgan yozma manba va arxiv fotosuratlar shuni ko’rsatmoqdagi Buxoroda birinchi elektrlashtirish ishlari Buxoro amirining Shirbudin saroyida amalga oshirilgan.

Shirbudun saroyi Buxoro Registonidan janubiy-sharqida, 5 km uzoqlikda, shahar tashqarisida  joylashgan bo’lib, uning qurilishi Amir Muzaffarxon (1860-1885), Amir Abdulahadxon (1885-1910) nomlari bilan bog’liq.  XIX asrning 70 yillarida Shirbudunda ganchkor usta Rahim Hayotov, durezgar-yog’och ustasi Abdurasul va boshqalar ishtirokida saroy, masjid, tomoshagoh kabi binolar barpo etilgan. Saroyning tashqi ko’rinishidan Yevropa va Eron arxitekturasi belgilari sezilib turadi. Saroy asosan elchilarni kutib olish, turli xil sayllar va yarmarkalar o’tkazish va asosan yoz faslida amirlar uchun dam olish vazifasini o’tagan. Shirbudun saroyida yevropa dizayniga xos mebellar, qandillar o’zining bebaholigi bilan ajralib turgan.

 

1893 yilda gamburglik sanoatchi va siyosatchi Maks Albrext (1851-1925-yil) Markaziy Osiyo bo’ylab sayohat qilgan, shu jumladan Buxorodagi Shirbudin saroyida ham bo’lgan. Maks Albrext sayohat taassurotlaridan kelib chiqib 1896 yilda o’zining  “Russisch Centralasien.-Reisebilder aus Transkaspien Buchara und Turkestan” – “Rossiyaning Markaziy Osiyosi. Transkaspiy mintaqasi, Buxoro va Turkistondan sayohat rasmlari” nomli kitobini chop etgan. Ushbu kitobning 152-155 betlarida muallif o’zi tashrif buyurgan Shirbudin saroyini ta’riflab saroy haqida  o’ta qiziqarli ma’lumotlarni keltirgan. Jumladan: “Noyob juda go’zal gilamdan tashqari, bizning oshxonamiz rus imperatorining sovg’asi bo’lgan, boy zarhal qilingan ustunlarining tepasi kulrang sibir yashmasi bilan qoplangan ajoyib kerosin lampalar bilan bezatilgan. Rus chiroq sanoatining ushbu boy mahsulotlaridan tashqari, zalda madaniy taraqqiyotning yana bir belgisini ko’rish mumkin edi – rus telegraf xodimi bizning tashrifimizdan biroz oldin amir uchun qilgan, lekin buni amalga oshirmagan elektr yoritish tizimining bir qismi. Biroq, bir necha oy oldin amir o’zining shahar saroyini yoritish uchun yangi to’liq elektr tizimini buyurdi”.

Maks Albrext Shirbudin saroyida o’z ko’zi bilan ko’rgan narsalarini bizlar ushbu saroyga tashrif buyurganlarning olgan fotosuratlari orqali ko’rishimiz mumkin.

   Xususan, 1907 va 1911 yillarda Buxoroda bo’lgan rus fotosuratchisi Sergey Mixaylovich Prokudin-Gorskiy (1863-1944) dastlabki rangli fotosuratlarni olishga muyassar bo’ladi. Jumladan, Amir Olimxon portreti, xalq ahvoli tushirilgan manzaralar, Shirbudun saroyining old qismi va orqa qismi, taxt saroyi, hamda bog’larning ko’rinishlarini suratga oladi. S.M. Prokudin-Gorskiyning 1907 yil Shirbudin saroyining yuqori martabali mehmonlarni qabul qilish xonasida olgan fotosuratda biz elektr orqali yoritiladigan xonani va qandilni ko’rishimiz mumkin. Saroydagi xonalar dizel generator orqali yoritilgan. Afsuski, bizda Shirbudin saroyidagi dizel generatorning qachon o’rnatilganligi va u qancha quvvatga ega ekanligi to’g’risida hozircha ma’lumot yo’q.