Buxoro shahrida markaziy elektr stansiyaning qurilishi.

            Bu muammolarni yechish uchun o’sha vaqtdagi O’zbekiston Respublikasi hukumatining rahbari Fayzulla Xo’jayev Moskvadagi ittifoq hukumati rahbarlari bilan kelishgan holda Buxoro shahrida umumiy quvvati 11550 kBt bo’lgan Markaziy elektr stansiyasini loyihalash va qurilishini ittifoq davlat rejasiga kiritishga muvaffaq bo’ladi. Shuningdek, Kogon shahrida va barcha tuman markazlarida ham dizel elektr stansiyalarini loyihalash va qurilishi masalasini hal qiladi. Buxoro shahrida har biri 2350 ot kuchiga (yoki 1780 kVt) ega bo’lgan ikkita dizelli, har biri 3750 ot kuchiga ( 2660 kVt) ga ega bo’lgan umumiy quvvati 15950 ot kuchi ( 11540 kVt) dan iborat o’sha davr nuqtai nazarida Buxoro “Markaziy” elektr stansiyasi yirik dizelli hisoblangan Markaziy elektr stansiyani barpo qilish muhim hayotiy va dolzarb vazifa bo’lib qolgan edi. Elektr stansiya 30-yillar boshida qurila boshlandi va katta qiyinchiliklarni yenggan holda oxiriga yetkazildi. Buxoro shahri zaminida ep osti suv sathining juda yuqori bo’lganligi elektr stansiyasi qurilishida jiddiy mushkulliklar tug’dirdi va ish sur’atiga salbiy ta’sir ko’rsatdi. Deyarli barcha qurilish ishlari og’ir qo’l mehnati orqali bajarilib, 1936 yilning may oyi oxirigacha cho’zilib ketdi. Mazkur qurilish ishlari iste’dodli tashkilotchi va tadbirkor inson I.S.Pilshikov boshchiligida olib borildi. Stansiya qurilishi hukumat rahbari F. Xo’jayevning doimiy nazorati ostida edi. Eng qiyin muammolar ham bu rahbarning yordamida hal etilar va shu zaylda qurilish ishlarini tezlashtirish chora-tadbirlari ko’rilardi.

          Elektr stansiya qurilishi davom etayotgan pallada, elektr stansiyani elektr tarmoqlari va transformator nimstansiyalarini, uskunalarini boshqarish, sozlash, ta’mirlash uchun malakali mutaxassis xodimlarni tayyorlash kurslari tashkil qilinib, uni tugatganlar shu stansiyaga ishga qabul qilindilar.

          1936 yilda Buxoro Markaziy elektr stansiyasining dastlabki dizeli ishga tushirildi. Shu davrga kelib, Kogon shahrida ham dizel elektr stansiyasi barpo etilishi nihoyasiga yetmoqda edi. 1936 yilda Buxoro-Kogon yo’nalishida kuchlanishi 35 ming voltli, uzunligi 11 kilometrli elektr tarmoqlari ishga tushirilib, Buxoro Markaziy elektr stansiyasi birlashtirildi. Buxoro viloyati tumanlarining markazlarida 1935-1940 yillar davomida bir qancha dizel elektr stansiyalar ishga tushirilib, tuman markazlaridagi kasalxonalar, bosmaxona, aloqa, ma’muriyat binolari, ko’chalar va uylarning bir qismi elektrlashtirildi. Viloyatda energetikani boshqarish, ta’mirlash, iste’molchilarni elektr energiyasi bilan ta’minlash, nazorat qilish, hisob-kitob ishlarini olib borish, yangi mutaxassis xodimlarni tayyorlash Buxoro Markaziy elektr stansiyasi zimmasiga yuklangan bo’lib, bu korxona Respublika kommunal xo’jaligi vazirligidagi “O’zkommunenergo” birlashmasi tizimida edi.

Markaziy elektrostansiya binosi

Ta’mirlash tsexi

Markaziy nimstansiya boshqarish binosi

Shahar ETK binosi

Buxoro shahrida 1923-1936 yillarda elektr tarmog’ining rivojlanishi

            Birinchi dizel elektr stansiya kunduzlari shaharning markaziy ko’chalari bo’ylab, shifoxona, asosiy-ma’muriy davlat korxonalari kabi tashkilotlarni yoritar, kechqurun Buxoroi Sharifning o’n bir: “Samarqand”, “Hazrati Imom”, “Talipoch”, “O’g’lon”, “Shergiron”, “Qorako’l”, “Shayx-Jalol”, “Namozgoh”, “Qarshi”, “Sallohxona”, “Mozori Sharif” darvozalariga boradigan yo’llarini nurafshon qilib, xonadonlarni qorong’i zulmatdan ozod etdi. Odamlarning ko’zlarida sevinch yoshlari bo’lib, hammalari elektr chirog’idan foydalanganlaridan xushu-xursand edilar.

              Elektr stansiyaning imkoniyati kamligi sababli chiroqlar tun bo’yi emas, faqat ma’lum muddatlardagina yoqilgan.

              Yillar o’tgani sayin elektr quvvatiga talab osha borib mazkur stansiyaning quvvati yetishmay qoladi. Natijada 1924 yilga kelib stansiyaning eski dizellari quvvati 400 ot kuchiga ega bo’lgan “MAN” rusumidagi ikkita yangi dizel generatori bilan almashtiriladi. Stansiyaning umumiy quvvati shu tariqa 800 ot kuchiga yetkaziladi.

             1927 yilda shahar aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida suv nasos stansiyasi qurilishi boshlanadi. Iste’mol quvvati 100 kVtdan iborat bu nasos stansiyasi tomon elektr stansiyadan 6,6 kVli yuqori elektr uzatish tarmoqlari va ikkita transformator o’rnatiladi. O’sha yillari shahar suv tarqatish tarmog’ining umumiy uzunligi 9,5 kilometrni tashkil qilar edi. Umuman stansiya juda katta quvvat bilan ishlay boshladi. 1934 yilga qadar elektr simlari 16 km joyni egalladi. 1930 yilga kelib sanoat korxonalarining, ko’chalarni yoritish tarmoqlarining ko’payishi kommunal xo’jalik va savdo-sotiq binolari, kasalxonalarning elektr energiyasiga bo’lgan ehtiyojlari yanada oshishi bu sohada jiddiy rivojlanishni taqozo etdi.

Buxoro shahridagi birinchi elektr stansiya

           2023 yilda Buxoro shahridagi birinchi elektr stansiyasining ishga tushirilganiga 100 yil to’ldi. 1923 yilga qadar Buxoroi Sharif va atrof hududlarda yashovchi xalq elektr degan tushunchani bilmas edi. Shahar ko’chalari kech kirgach zim-ziyo, xonadonlarda esa pilikdan tayyorlangan “qorachiroq”lar uylarni arang yoritib turardi.

           Buxoro Xalq Sho’rolar Jumhuriyati qaror topgach, Fayzulla Xo’jayev rahbarligida shaharni elektrlashtirish, shaharda joylashgan Respublika ma’muriy binolarini, ko’chalarni, shahar shifoxonasi va teatr binolarini yoritish, ichimlik suvini olib kelish, kichik zavod va fabrikalarni elektrlashtirish rejasi tuzilib, 1923 yilda elektr stansiya qurilishi boshlandi.  Gruziyaga qarashli “Satsanbo” texnik qurilish tashkiloti ko’pchilikka xizmat qiladigan ilk elektr stansiyani kurib berdi. Ilk stansiyada ikki xil ko’rinishga ega bo’lgan dizel bor edi. Ikki dizel elektr stansiyasining biri Shveysariyada ishlab chiqarilgan bo’lib, 150 ot kuchiga, ikkinchisi esa Xarkovda ishlab chiqarilgan bo’lib, 120 ot kuchiga teng edi. Bu elektr stansiya 1923 yilda ishga tushirildi.

Stansiyani qurish va ishga tushirish jarayonlarini boshqarish uchun Rossiyadan mutaxassislar jalb qilindi. Buxoro elektr stansiyasi qurilib dastlabki faoliyatini boshlaganda unda o’n to’rt kishi ishlagan edi. Stansiyaning birinchi boshlig’i G.S. Fidelman, bosh mexanik L. Eduard, stansiya mashinistlari Rogachev va Proxorenko, mashinist yordamchisi F.Gruzdev, yog’lovchi P.Lodayev, nazoratchi-elektrotexnik S.Jarkovskiy, elektromontyorlar K.A.Montula, N.I.Layxner, V.I. Silchenko, hisobchi N.Yusupov, kotiba T.A.Gluxacheva va shu kabilarning nomlari Buxoro energetikasi tarixiga muxrlangandir. Elektr stansiyaning ishga tushishi Buxoro Xalq Sho’rolar Jumhuriyati poytaxtini har jihatdan rivojlanishi uchun muhim ahamiyat kasb etgan.

          1924 yilda elektr stansiya huzurida elektr payvandlash bo’limi, aholiga xizmat qiladigan turli asbob-uskunalarni yasash va sotish do’koni ham ochildi. O’sha yilning 9 noyabrida bo’lib o’tgan ochilish marosimida elektr stansiyaga “Mavlonbekov” nomi berildi.

           Stansiya Buxoro Xalq Sho’rolar Jumhuriyatining Savdo sanoat nozirligiga qarar edi.

                 Ming afsuski, Buxoro Arkining orqa tomonida joylashgan bu bino hozir saqlanib qolmagan.

Buxoro amirining Sitorai Moxi Xossa saroyi

             Buxorodan to’rt kilometr shimolda, Samarqand yuli yoqasida so’nggi amirlarning shahar chetidagi eng ko’rkam saroylaridan biri qad ko’targan. Uni o’tgan asrda Amir Abdulahadxon qurdira boshlagan edi. Yevropaning qurilish tajribalarini o’rganish va o’zlashtirish uchun amir o’z ustalarini Rossiya poytaxti Peterburgga, so’ng Yaltaga yullagan edi. Amir keyincha Yaltada xam o’zi uchun saroy qurdirdi. Buxoro chetidagi saroy (eski saroy) mahalliy me’mor Hoji Hafiz rahbarligida qurila boshlagan. Bu yerdagi binolarning ko’rinishi Yevropa va Osiyo me’morchilik uslublarining aralashmasidan iborat.

            Eski saroyning sharq tomoniga so’nggi Buxoro amiri – Olimxonning buyrug’i bilan yangi saroy, ko’shklar va bog’ barpo kilingan. Bog’ning kattaligi 6,7 gektar kelib, gulzorlar, chiroyli ishkomlar, mevazor va hayvonot bog’idan iborat. Saroy bog’ atrofi baland paxsa devor bilan o’ralgan edi. Saroyning shimol tomonida asosiy kirish darvozasi, janub tomonida esa yulagining usti ayvonga o’xshatib ishlangan yana boshqa darvoza bor edi. Bu darvoza keng ochiq maydonga qarab turadi.  Maydonda an’anaviy uloq o’yinlari o’tkazilgan.

Amir Olimxonning Yangi saroyi rus injenerlari Sakovich va Margulis kuzatuvida va rahbarligida qurildi. Saroy Rossiyadan keltirilgan ko’zgular, kafelli golland pechlari, billur shamdonlar, karnizlar, uy jihozlari bilan pardozlandi va jihozlandi.

              1911 yilga kelib chor Rossiya podshosi Nikolay II, o’z saltanati qudratini ko’z-ko’z qilish uchun bo’lsa kerak, Buxoro amiri Olimxonga elektr dvijok tuhfa qiladi. Bu paytda amir farmoni bilan shahar chekkasida bahavo joylardan birida – Sitorai Moxi Xossada Yozgi saroy qad ko’tarayotgan edi. Oqibat amir Olimxon Nikolay II sovg’asini Yozgi saroyi darvozasi yonida o’rnattirdi. Umumiy quvvati 50 kVT li bo’lgan elektr generator yordamida saroy zallari, xonalari, hovlisini yoritishday e’tirofli hodisa 1913 yilda yuz berdi.

Buxoro amirning Shirbuddin saroyi

Buxoro amirining Shirbudin saroyi

         “Moziyga  qaytish  –  xayrli ish» – deb zikr etgandi bir vaqtlar ulug’ bobomiz Abdulla Qodiriy. Biz Buxoro elektrlashtirish bilan bog’liq voqyealarni yod etishdan ilgari undan-da  moziyga qaytsak.

       Elektr chiroqlari yongunicha buxoroliklar tunni sham, qora chiroq yordamida yoritar edilar. Saroyni, boy xonadonlarni ajoyib, naqshinkor shamdonlardagi shamlar ravshan etsa, qaysidir kulba sohibalari oy nurida kashta tikkanlari rost.

       1868 yilgi chor Rossiyasi bosqinidan so’ng vohamizga har xil yoriqli yer chiroqlar olib kelindi. Bu chiroqlar qora chiroqdan ko’p jihatlari bilan afzal edi.

Hozirgi davrgacha bizgacha yetib kelgan yozma manba va arxiv fotosuratlar shuni ko’rsatmoqdagi Buxoroda birinchi elektrlashtirish ishlari Buxoro amirining Shirbudin saroyida amalga oshirilgan.

Shirbudun saroyi Buxoro Registonidan janubiy-sharqida, 5 km uzoqlikda, shahar tashqarisida  joylashgan bo’lib, uning qurilishi Amir Muzaffarxon (1860-1885), Amir Abdulahadxon (1885-1910) nomlari bilan bog’liq.  XIX asrning 70 yillarida Shirbudunda ganchkor usta Rahim Hayotov, durezgar-yog’och ustasi Abdurasul va boshqalar ishtirokida saroy, masjid, tomoshagoh kabi binolar barpo etilgan. Saroyning tashqi ko’rinishidan Yevropa va Eron arxitekturasi belgilari sezilib turadi. Saroy asosan elchilarni kutib olish, turli xil sayllar va yarmarkalar o’tkazish va asosan yoz faslida amirlar uchun dam olish vazifasini o’tagan. Shirbudun saroyida yevropa dizayniga xos mebellar, qandillar o’zining bebaholigi bilan ajralib turgan.

 

1893 yilda gamburglik sanoatchi va siyosatchi Maks Albrext (1851-1925-yil) Markaziy Osiyo bo’ylab sayohat qilgan, shu jumladan Buxorodagi Shirbudin saroyida ham bo’lgan. Maks Albrext sayohat taassurotlaridan kelib chiqib 1896 yilda o’zining  “Russisch Centralasien.-Reisebilder aus Transkaspien Buchara und Turkestan” – “Rossiyaning Markaziy Osiyosi. Transkaspiy mintaqasi, Buxoro va Turkistondan sayohat rasmlari” nomli kitobini chop etgan. Ushbu kitobning 152-155 betlarida muallif o’zi tashrif buyurgan Shirbudin saroyini ta’riflab saroy haqida  o’ta qiziqarli ma’lumotlarni keltirgan. Jumladan: “Noyob juda go’zal gilamdan tashqari, bizning oshxonamiz rus imperatorining sovg’asi bo’lgan, boy zarhal qilingan ustunlarining tepasi kulrang sibir yashmasi bilan qoplangan ajoyib kerosin lampalar bilan bezatilgan. Rus chiroq sanoatining ushbu boy mahsulotlaridan tashqari, zalda madaniy taraqqiyotning yana bir belgisini ko’rish mumkin edi – rus telegraf xodimi bizning tashrifimizdan biroz oldin amir uchun qilgan, lekin buni amalga oshirmagan elektr yoritish tizimining bir qismi. Biroq, bir necha oy oldin amir o’zining shahar saroyini yoritish uchun yangi to’liq elektr tizimini buyurdi”.

Maks Albrext Shirbudin saroyida o’z ko’zi bilan ko’rgan narsalarini bizlar ushbu saroyga tashrif buyurganlarning olgan fotosuratlari orqali ko’rishimiz mumkin.

   Xususan, 1907 va 1911 yillarda Buxoroda bo’lgan rus fotosuratchisi Sergey Mixaylovich Prokudin-Gorskiy (1863-1944) dastlabki rangli fotosuratlarni olishga muyassar bo’ladi. Jumladan, Amir Olimxon portreti, xalq ahvoli tushirilgan manzaralar, Shirbudun saroyining old qismi va orqa qismi, taxt saroyi, hamda bog’larning ko’rinishlarini suratga oladi. S.M. Prokudin-Gorskiyning 1907 yil Shirbudin saroyining yuqori martabali mehmonlarni qabul qilish xonasida olgan fotosuratda biz elektr orqali yoritiladigan xonani va qandilni ko’rishimiz mumkin. Saroydagi xonalar dizel generator orqali yoritilgan. Afsuski, bizda Shirbudin saroyidagi dizel generatorning qachon o’rnatilganligi va u qancha quvvatga ega ekanligi to’g’risida hozircha ma’lumot yo’q.