Murojaatlar o’z yechimini topmoqda.

Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan elektr energiyasi ta’minoti bilan bog’liq muammolar bo’yicha iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlarga ijobiy yechim topish maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda. Qilingan murojaatlar o’z vaqtida joyiga chiqib o’rganilmoqda va amalga oshirilishi lozim bo’lgan qurilish, ta’mirlash ishlari bajarilmoqda. Natijada elektr energiyasi ta’minoti yanada yaxshilanmoqda.

Jumladan, Kogon tumanning “Istiqbol” MFY hududidagi Sho’robod qishlog’i aholisining qilgan murojaatlari ijobiy hal qilindi. Sho’robotliklarni elektr energiyasi bilan ta’minlovchi №87 sonli transformator punktidan chiquvchi 0.4 kV havo elektr uzatish tarmog’idagi yaroqsiz tayanchlar almashtirildi. Yangilash ishlari doirasida Kogon tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan 10 dona mustahkam temir-beton tayanchlari olib kelib o’rnatildi.

“Buxoro HETK” AJ matbuot xizmati

Energetika vazirligining murojaati: Qishdan chiqib olish uchun hammamiz birgalikda energiyani iqtisod qilaylik.

“Xatolarimiz sababli sovuqqotyapmiz. Ammo hozir, shu lahzada, bir musht bo‘lib, jamiyat bo‘lib qish sovug‘idan o‘tib olmasak bo‘lmaydi. Bu bizning qo‘limizdan keladi. Har birimiz energiyani iqtisod qilishga urinsak, talafotlarni kamaytirishimiz mumkin bo‘ladi”.

2016 yildan buyog‘iga aholi va iqtisodiyotni energiya bilan ta’minlash sohasida ko‘plab ishlar qilindi, raqamlar bunga dalil. Ko‘rilgan mazkur chora-tadbirlar yetarli bo‘lmagani bu yilgi qishga kelib aniq bo‘lib qoldi: elektr energiyasini yetarlicha ishlab chiqarish uchun kerak bo‘lgan yoqilg‘i – tabiiy gaz yetmayapti. Aniqrog‘i, tabiiy gaz zaxirasini yaratish uchun kerakli ishlar qilinmagan.

Mazkur favqulodda vaziyatda favqulodda ishlarni qilish lozimligi ayon bo‘lyapti. Sovuq qishdan imkoni boricha talafotlarsiz o‘tib olish uchun. Va bu yerda mashhur haqiqat gavdalanyapti – favqulodda holatlar kimlarningdir xatosi bilan yuzaga keladi, ammo ulardan chiqib ketish uchun butun xalqning harakati, jonbozligi kerak bo‘ladi.

Shu topdagi holatimiz ham ayni shunday vaziyat – energiyani hamma, jamiyat o‘laroq, bir musht bo‘lib iqtisod qilmasak, qishdan omon o‘tib olishimiz qiyin bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi buyurtmasi bilan yaratilgan animatsion murojaatni e’tiboringizga havola qilamiz.

▶️ANIMATSION MUROJAATNI KO’RISH

👉 https://kun.uz/uz/03380455

▶️@minenergy_uz

Kutilayotgan anomal sovuq kunlari energotizimda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.

 Joriy yilning 4-yanvar kuni Energetika vaziri boshchiligida tizim korxonalari rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirokida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda kelgusi hafta respublikamiz hududida havo haroratining anomal pasayishi davrida yoqilg‘i-energetika sohasidagi ishlarni to‘g‘ri va tizimli tashkil qilish, iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rish masalalari muhokama qilindi va qator vazifalar belgilab berildi.

Jumladan, birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha obyektlariga elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir mahsulotini barqaror yetkazib berish choralari ko‘rilishi ta’kidlandi. Buning uchun:

1. Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga kiritilayotgan cheklovlar davom ettiriladi;

2. Yirik ishlab chiqarish korxonalariga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi keskin kamaytiriladi;

3. Energotizimdagi yirik iste’molchilarning kunlik elektr energiyasi iste’moli kamaytiriladi va tejalgan 11-12 mln kVt-soat elektr energiyasi aholi iste’moliga yo‘naltiriladi;

4. Energotizimda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yirik avariyalarni oldini olish, barcha iste’molchilarni bir maromda elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda tasdiqlangan grafiklarga asosan qisqa muddatli cheklovlar kiritiladi;

5. Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalari va markazlarning barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida kuniga o‘rtacha 49 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib beriladi;

6. Bugungi kunda mazkur stansiyalar uchun 90 ming tonna mazut va 280 ming tonna ko‘mir yoqilg‘isi zaxirasi yaratildi;

7. Iste’molchilarga kunlik ko‘mir yetkazib berish hajmi 5000 tonnadan 8000 tonnaga oshiriladi.

Yig‘ilishda sovuq kunlarda elektr energiyasiga bo‘lgan talab ortishi natijasida elektr tarmoqlari va transformator punktlarida ham yuklamalar keskin oshishi ta’kidlandi.

Bunda, dispetcherlar mahalliy hokimliklar va hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan tasdiqlangan cheklov grafiklariga qat’iy amal qilishlari, ya’ni belgilangan muddatdan ortiq cheklovlar kiritmasligi ta’kidlandi.

Ikki soatdan oshmagan vaqt oralig‘ida hududlar kesimida joriy etilayotgan cheklov grafiklari barcha viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida e’lon qilib borilishi ta’minlanadi.

Shuningdek, anomal sovuq kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf etish uchun elektr va gaz ta’minoti korxonalarida tunu-kun ishlaydigan 1000 dan ortiq maxsus brigada tashkil etildi. Ushbu brigadalar muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etilishini ta’minlaydilar.

Iste’molchilar elektr energiyasi ta’minoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki “Telegram”dagi @HET_admin administratorga, tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti yuzasidan 1104, 104 telefon raqamlari yoki Facebook ijtimoiy tarmoqdagi guruhga hamda ko‘mir ta’minoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlari va @Uzbekcoaluz_bot “Telegram” botga murojaat qilishlari mumkin.

Shu o‘rinda iste’molchilardan elektr qurilmalari va isitish moslamalariga nihoyatda ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, ushbu qurilmalardan foydalanilmayotgan vaqtlarda tarmoqdan ajratib qo‘yishlarini, energiya resurslaridan imkon qadar tejamkorlik bilan foydalanishlarini, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilayotgan tavsiyalarga qat’iy rioya qilishlarini so‘raymiz.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Matbuot xizmati

▶️@minenergy_uz

Yangi transformator punkti o’rnatilmoqda.

Vobkent tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan tumanning “Changaron” mahalla fuqarolar yig’iniga qarashli Shakaravon qishlog’i elektr energiyasi iste’molchilarini me’yor darajasidagi sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida 250 kVA quvvatdagi transformator punktini o’rnatish ishlari olib borilmoqda. Hududdagi №36 sonli 160 kVA bo’lgan transformator punkti yuqori quvvatdagisiga almashtirilmoqda.

“Buxoro HETK” AJ matbuot xizmati

“Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan yuqori quvvatdagi kuch transformatori yetkazib berildi.

Vobkent tumani aholisi, ijtimoiy soha ob’ektlari hamda tadbirkorlarini barqaror va mustahkam elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida yangi 25 000 kVA quvvatdagi kuch transformatori olib kelindi. Ushbu transformatorni tumandagi “Vobkent” 110/35/10 kV podstansiyasiga o’rnatish rejalashtirilgan. Modernizatsiya va yangilash ishlari doirasida podstansiyadagi quvvati 16 000 kVA bo’lgan kuch transformatori yuqori quvvatdagisiga almashtiriladi.

“Buxoro HETK” AJ matbuot xizmati

Aqlli hisoblagichlar noqonuniy ulanishlarni fosh etdi.

Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi yordamida elektr energiyasidan belgilangan tartib qoidalarga xilof ravishda foydalanib kelayotgan iste’molchilar aniqlanib, holatga huquqiy baho berilmoqda. Tizimga mos dastur imkoniyatlaridan kelib chiqib aniqlangan noqonuniy ulanishlar joyiga chiqib o’rganilmoqda va tegishli tartibda qoidabuzarlik dalolatnomalari rasmiylashtirilmoqda. Ana shunday holatlardan biri Qorako’l tumanida aniqlandi. Tumandagi Dehqon bozoriga tegishli transformator punkti ko’zdan kechirilganda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari mavjudligi aniqlanib, qoidabuzarlik dalolatnomasi rasmiylashtirildi va iste’mol qilingan elektr energiyasi qayta hisob kitob qilindi.

“Buxoro HETK” AJ matbuot xizmati

Yangi transformator punkti o’rnatildi.

Jondor tumani “Qaroli” mahalla fuqarolar yig’iniga qarashli Yangi mozor aholi punkti hududiga 250 kVA quvvatdagi transformator punkti o’rnatilib, ishga tushirildi. Avvallari bu yerdagi aholiga quvvati 63 kVA bo’lgan transformator punkti orqali elektr energiyasi yetkazib berilgan. Transformator punkti quvvatining 4 barobarga oshirilishi natijasida hududdagi iste’molchilar me’yor darajasidagi sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlanmoqda.

“Buxoro HETK” AJ matbuot xizmati

ELEKTR ENERGIYASI ISTE’MOLCHILARI DIQQATIGA!

2022 yil 26-27 dekabr kunlari Vobkent tumani hududlari elektr energiyasi ta’minotida mazkur jadval asosida cheklovlar kiritilishi mumkinligini ma’lum qilamiz.

Shuningdek, qolgan tumanlar elektr energiyasi ta’minotida kiritiladigan cheklov soatlari o’zgarishsiz qolayotganligini, cheklov jadvallariga o’zgarishlar kiritilganda qo’shimcha ma’lumot berilishini bildiramiz.

Batafsil 👉👉👉@buxenergo

“Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ

Elektr ta’minoti korxonalarida quyosh panellari o’rnatilmoqda.

“Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tarkibidagi 12 ta tuman, shahar elektr ta’minoti korxonalarida 5 kVt.soatdan jami bo’lib 60 kVt.soat quvvatdagi elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi quyosh panellarini o’rnatish ishlari olib borilmoqda.
Ushbu quyosh panellari qisqa muddatlarda ishga tushiriladi. Natijada yiliga 120 ming kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

“Buxoro HETK” AJ matbuot xizmati