"Buxoro HETK” AJ Axborot texnologiyalari bo‘limi xodimlari o‘z kasbiy mahoratini oshirmoqda.

2020-yil “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilinganligi munosabati bilan, axborot texnologiyalari sohasida kuchli kadrlar tayyorlash va ushbu sohani O‘zbekiston Respublikasi aholisi orasida ommalashtirish imkonini beradigan ko‘plab loyihalar faol tashkil etilmoqda.
Belgilangan vazifalarni bajarish va aholining keng qatlamlariga axborot texnologiyalari sohasida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, IT Park va IT Akademiyasi tomonidan “Dubay Future Foundation” bilan hamkorlikda talab yuqori bo‘lgan ko‘nikmalarni bepul o‘rganish imkoniyatini yaratish maqsadida “Udacity” kurslari asosida “Bir million dasturchi” loyihasi amalga oshirilmoqda.
“One Million Uzbek Coders” tashabbusi mahalliy IT ta’limini rivojlantirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, shu bilan O‘zbekiston aholisiga nafaqat ingliz tilida, balki o‘zbek tilida ham IT mutaxassisliklari uchun qulay va sifatli o‘qitish imkonini beradi. Loyihaning maqsadi IT mutaxassislari avlodini rivojlantirish, ularni axborot texnologiyalari sohasida kelgusida professional ish olib borishi uchun zarur barcha vositalar bilan jihozlashdan iborat.

“One Million Uzbek Coders” – (OMUC) loyihasi 4 ta yo‘nalishni o‘z ichiga oladi:

• Android (Google bilan hamkorlikda);
• Front-end development;
• Full-stack development;
• Ma’lumotlarni tahlil qilish.

Har bir trek asosiy 120 soatlik yoki 12 haftalik kursdan boshlanadi.

Ayni paytda uzbekcoders.uz portalida 69 003 dan ortiq talabalar ro‘yxatga olingan, shundan 5 810 tasi ikkinchi bosqichdan o‘tdi va kurslarni muvaffaqiyatli yakunlaganligi uchun maxsus sertifikat bilan taqdirlandi.

Ahamiyatli tomoni shundaki, “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ Axborot texnologiyalari bo‘limida ishlovchi barcha xodimlar uzbekcoders.uz portalida ro‘yxatdan o‘tib, “Front-end development” kursining “Qatnashuvchi” va “Bitiruvchi” bosqichlarini muvaffaqiyatli yakunlab, o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirish bilan bir qatorda tegishli sertifikatlarga ham ega bo‘ldilar.

“Buxoro HETK” AJ matbuot xizmati