Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi

«Buxoro HETK» АJda «Korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish» mavzusida Buxoro shahar Аdliya boshqarmasi boshligʼi А.Bafoyev ishtirokida oʼquv seminari oʼtkazildi.

Seminarda Buxoro shahar Аdliya boshqarmasi boshligʼi А.Bafoyev soʼzga chiqib korrupsiya taraqqiyot ildiziga bolta uruvchi jirkanch illat boʼlib, uning iqtisodiy, ijtimoiy va maʼnaviy zararlari, uning balosidan qutilish, islohotlarni korrupsiya changalidan qutqarish barchamizning sharafli burchimiz ekanligini yigʼilganlarga atroflicha tushuntirib berdi. Bu illatning tobora ildiz otishiga toʼsqinlik qilish nafaqat huquq targʼibot xodimlari vazifasi, balki har birimizning vazifamiz ekanligini alohida taʼkidlab oʼtdi.

Darhaqiqat bugun yurtimiz zaminidan korrupsiya balosini tak – tomiri bilan sugʼurib tashlash maqsadida koʼplab islohotlar amalga oshirilmoqda. Biroq natijalar koʼngildagidek emasligi ham barchaga ayon. Shunday ekan korrupsiyadan qutilish yoʼlida barchamiz birlashmogʼimiz, bir maqsad yoʼlida yoshlarimiz ongu shuurini korrupsiyadan holi millatda yashash quvonchi ila boyitmogʼimiz darkor.

Korrupsiya botqogʼiga botmay oʼzining halol mehnati bilan non topgan inson saodatga yetmogʼi tayin boʼlganidek, oʼziga tegishli xulosa chiqarmay, poraxoʼrlik va taʼmagarlikdan tiyila olmayotgan shaxslar jazoga tortilishi muqarrardir.

“Buxoro HETK” АJ matbuot xizmati.