ISTIQBOLLI LOYIHALAR MAMLAKATIMIZ RIVOJIGA XIZMAT QILADI

 ISTIQBOLLI LOYIHALAR MAMLAKATIMIZ RIVOJIGA XIZMAT QILADI

Mamlakatimiz hududlarida energetika sohasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida energetika vaziri Alisher Sultonov boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro viloyatida bo‘ldi.

Xususan, “Buxoro HETK” AJ tomonidan sohani yanada rivojlantirish, ishlab chiqilgan dasturlar hamda loyihalarning joylardagi ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar yaqindan o‘rganilib, bu boradagi yutuq va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga e’tibor qaratildi. O‘rganishlar doirasida Peshku tumaniga tashrif uyushtirildi va bu yerdagi aholi va tadbirkorlik sub’ektlarning elektr energiyasi ta’minoti masalalari tahlil qilindi.

Ta’kidlanganidek, hozirda Buxoro viloyatida elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ga  ulangan zamonaviy hisoblagichlar o‘rnatish ishlari izchillik bilan olib borilmoqda. Yig‘ilganlar “Buxoro HETK” AJning mutaxassislari tomonidan viloyat miqyosida o‘tgan davr mobaynida bu borada olib borilgan sa’y-harakatlar, qolaversa ushbu tizim orqali iste’molchilarga yaratiladigan qulaylik va imkoniyatlar, shu bilan bir qatorda erishilishi kutilayotgan iqtisodiy samaradorliklar xususidagi taqdimot bilan tanishdilar.

Energetika vaziri Alisher Sultonov va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisi Ulug‘bek Mustafoev tomonidan Buxoro viloyati miqyosida ASKUE tizimini qisqa muddatlarda to‘laqonli tatbiq etish, shuningdek, mahalliy aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini ushbu tizimning afzalliklari bilan tanishtirib borish masalalariga alohida e’tibor berish kerakligi ta’kidlanib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar borasida tegishli topshiriqlar berildi.

“Buxoro HETK” AJ matbuot xizmati

ELEKTR ENERGIYASI ISTE'MOLCHILARIGA ESLATMA!

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ veb-saytidagi “Shaxsiy kabinet (http://www.het.uz/oz/pages/view/personal_account)” orqali login va parolni kiritgan holda shaxsiy hisob raqamingizga oid ma’lumotlar – iste’mol qilingan elektr energiyasi miqdori, qoldiq va boshqalar to‘g‘risida real vaqt (on-line) rejimida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishingiz mumkin.

Buning uchun oldindan Sizning mobil’ aloqa raqamingiz turar joyingizdagi elektr ta’minoti korxonasi yoki bank kassalari orqali tizimga ulangan bo‘lishi hamda telefon raqamingizga “Shaxsiy kabinet (http://www.het.uz/oz/pages/view/personal_account)” ga kirish uchun login ko‘rsatilgan SMS-xabar taqdim etilgan bo‘lishi lozim.

“Shaxsiy kabinet”ga kirish uchun tizimga ulangan mobil’ raqamingizdan “P” harfini 2100 qisqa raqamiga SMS-xabar ko‘rinishida yuboring va parolga ega bo‘ling.

Shuningdek, 2100 qisqa raqamiga “D” harfini SMS-xabar ko‘rinishda yuborib, bugungi kundagi mavjud qarzingiz haqidagi ma’lumotga ega bo‘lishingiz mumkin.

Foydalanilgan elektr energiyasi uchun mamlakatimizda mavjud barcha to‘lov tizimlari (U-Pay, Click, Payme, Paymo, Paynet) hamda banklarning mobil ilovalari orqali uydan chiqmasdan turib to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkinligini “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ yana bir bor eslatib o‘tadi.

HURMATLI ELEKTR ENERGIYASI ISTE'MOLCHILARI!

Ma’lumki, mamlakatimizda epidemiologik vaziyat keskinlashgani sababli respublika bo‘yicha karantin choralari kuchaytirildi. Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, 10 iyuldan 1 avgustgacha O‘zbekistonda kuchaytirilgan karantin choralari qo‘llaniladi. Albatta, belgilangan 20 kun mobaynida kommunal xizmatlarga, xususan, qarzdorlik yig‘ilib qolmasligi uchun foydalanilgan elektr energiyasiga to‘lovlarni amalga oshirish ehtiyoji bo‘ladi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ o‘zingiz va yaqinlaringizning sog‘lig‘iga befarq bo‘lmagan holda, foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni tuman elektr ta’minoti korxonalariga tashrif buyurmasdan mamlakatimizda mavjud barcha to‘lov tizimlari (U-Pay, Click, Payme, Paynet) hamda banklarning mobil ilovalari orqali uydan chiqmasdan turib amalga oshirishlari mumkinligini yana bir bor eslatib o‘tadi.

Ishlab chiqarish salohiyati kengaymoqda.

Bugungi kunda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan ishlab chiqarishni mahalliylashtirish orqali ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, mahsulot tannarxini kamaytirish, korxonaning moliyaviy barqarorligiga erishish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni ishonchliligini va mustahkamligini ta’minlash borasida salmoqli loyihalar amalga oshirilib kelinmoqda.

Shu jumladan, “Buxoro HETK” AJ tarkibidagi Kogon tuman ETK hududining ichki qismida bo‘sh yotgan yer maydoni hududida temir-beton tayanchlarini ishlab chiqarish zavodini qurib, ishga tushirish vazifa sifatida belgilab olindi.  Ushbu hudud temir-beton tayanchlarni ishlab chiqarish uchun anchagina qulay deb topildi va qurilish ishlarini boshlash maqsadida maxsus texnikalar va ishchi xodimlarni jalb qilgan holda hududni tozalash, tekislash va maydonni devor bilan o‘rab olish ishlariga kirishildi. Hududning umumiy yer maydoni 400 kv.metrni  tashkil qilmoqda.

“Buxoro HETK” AJ Matbuot xizmati.

“Buxoro HETK” AJ: SPORT – SOG‘LOM TURMUSh GAROVI

“Buxoro HETK” AJda kichik futbol o‘yingohi tayyor holatga keltirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning ikkinchi tashabbusi – yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yo‘naltirish tashabbusidir. Shu sabab “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ ma’muriy binosining ichki qismida kichik futbol o‘yingohi qurildi. Jamiyat rahbariyati tomonidan sohada faoliyat yuritib kelayotgan yosh mutaxassislarning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish, futbol musobaqalarini tashkil qilish orqali xodimlarning ma’naviy hordiq olishlariga ko‘maklashish, qolaversa xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ularni turli kasalliklardan sport va sog‘lom turmush tarzi asoslari orqali muhofaza qilish, sportga qiziqtirish orqali mehnat faoliyati samaradorligini oshirish maqsad qilib qo‘yilgan.

Hozirda kichik futbol o‘yingohida tabiiy chim qoplamasi o‘stirilgan bo‘lib, atrofi o‘rab olingan hamda futbol musobaqalarini o‘tkazish uchun tayyor holatga keltirilgan.
Karantin tugagach ushbu kichik futbol o‘yingohida tuman va shahar elektr ta’minoti korxonalarining xodimlari o‘rtasida futbol musobaqalarini doimiy ravishda tashkil qilib borish ko‘zda tutilgan. Zero sog‘ tanda sog‘lom aql, deydi dono xalqimiz.

“Buxoro HETK” AJ Matbuot xizmati.

Buxoro shahrining bir qator mahallalarida elektr energiyasi ta'minoti yaxshilandi.

“Buxoro HETK” AJ Podstansiyalar xizmatgohi va Buxoro shahar elektr ta’minoti korxonasi mutasaddi xodimlari tomonidan “Zarafshon 35\6” podstansiyasidan chiquvchi Ark hamda Shahar  6 kVli fiderida rekonstruksiya qilinib, 400 metr uzunlikdagi kabel tarmog‘i yangilandi. Natijada shaharning «F.Xo‘jaev”, “G‘afur G‘ulom”, “M.Ashrafiy”, “Chorbaxosa”, “Mirzo Ulug‘bek”, va “Al Buxoriy” MFY hududlarida istiqomat qiluvchi 5500dan ziyod axolining sifatli elektr energiyaga bo‘lgan talabi qondirilibgina qolmay, tarmoqda yuklamaning oshishi natijasida tez-tez kuzatilayotgan  avariyali o‘chishlarning oldini olinishiga ham erishildi.

“Buxoro HETK” AJ Matbuot xizmati

Buxoro shahri “Adolat” ko‘chasida elektr energiyasi ta'minoti yaxshilandi.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 23 noyabrdagi «2017-2021 yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash va modernizasiya qilish dasturi to‘g‘risida»gi PQ-2661 sonli qaroriga asosan Buxoro shahar elektr ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan Buxoro shahri “Adolat” ko‘chasida istiqomat qiluvchi elektr energiyasi iste’molchilarining sifatli, me’yor darajasidagi energiyaga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida, qo‘shimcha ravishda, shahar tipidagi GKTP 630 kVli transformator punkti, 10 dona temir-beton tayanchlar o‘rnatilib, 500 metr uzunlikdagi SIP kabellari tortildi.

Natijada hududda joylashgan bir qator ko‘p qavatli uylar hamda xonadon egalarining sifatli elektr energiyaga bo‘lgan talabi qanoatlantirildi. Bu esa, o‘z navbatida, mahalliy aholi uchun ayni harorat yuqori bo‘lgan kunlarda quvonch bag‘ishladi.

“Buxoro HETK” AJ Matbuot xizmati.

Olot tumanidagi talofatlar bosqichma-bosqich bartaraf etilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlarida kuchli shamoldan keyingi talofatlarni bartaraf etish ishlari davom etmoqda. Elektr uzatish tarmoqlaridagi nosozliklarni ta’mirlash, tiklash jarayonlarining olib borilayotganligi ham shular jumlasidandir. Ayni damda Olot tumanida zararlangan 1062 km uzunlikdagi havo tarmoqlarining  989,8 km havo tarmog‘i, 326 ta transformator punktlaridan 299 ta transformator punktlari ta’mirlanib, 21 103 ta  elektr energiyasi iste’molchilaridan 18 591 ta xonadonning elektr energiyasi ta’minoti tiklandi. Elektr uzatish tarmoqlaridagi talofatlarni tiklash uchun 718 dona temir beton tayanchlar o‘rnatildi.

Soha mutaxassislari barcha iste’molchilarni tez fursatlarda tarmoqqa ulab, xonadonlarini nurga to‘ldirishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yishgan. Ayni shu sabab ob-havoning injiqliklariga e’tibor qaratmagan holda chinakam jasorat ko‘rsatib, bir maromda ish olib bormoqdalar.

“Buxoro HETK” AJ Matbuot xizmati.

Birinchi chorak yakunlandi. Biroq natija qanday…?

Buxoro xududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ joriy yilning yakunlangan birinchi choragida, xalqimizning sifatli va uzluksiz elektr energiyaga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida, belgilangan dasturlar ijrosi doirasida bir qator ishlarni amalga oshirdi. Jumladan: Prezidentimizning “2017-2021 yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizasiya qilish va yangi qurilish dasturi to‘g‘risida» gi qaroriga asosan viloyat bo‘yicha  81,0 km uzinlikdagi elektr uzatish tarmoqlari, shu bilan bir qatorda 51 dona transformator punktlari qurilib, aholi ehtiyojiga  munosib xizmat qilishi uchun foydalanishga topshirildi.

Birgina G‘ijduvon tumani misolida qaraydigan bo‘lsak, tumanning “Sharq” MFY “Yusuf Xamadoniy”, “Oqrabot” MFY “O‘rikzor”, “Soktari” MFY “Mirobod”, “Zargaron” MFY  “Zargaron”, “Zarangari” MFY “Mug‘anak” hamda “Ulfatbibi” MFY “Yuqori Mirzayon” qishloqlarida o‘rnatilgan 6 dona qo‘shimcha transformator punktlarining o‘rnatilishi orqali  615 ta xonadonda istiqomat qiluvchi iste’molchilarga yetkazib berilayotgan elektr energiyasining sifatini yaxshilanishiga erishildi.

“Buxoro HETK” AJ Matbuot xizmati.

Tashrif buyuring, guvohi bo‘ling

XXI asr – axborot texnologiyalari asri. Darhaqiqat, bugungi kunda axborot texnologiyalari kirib bormagan biror bir soha, albatta bo‘lmasa kerak. Oddiy bir misol qilib shuni aytishimiz mumkinki, kompyuter qurilmalari va telefon apparatlari har bir zamondoshimizning haqiqiy ma’nodagi yordamchisiga aylanib bormoqda. So‘zimiz isbotini “Buxoro HETK” AJga qadam ranjida qilgan har bir inson ko‘rishi mumkin.

“Buxoro HETK” AJda korxona tashkil qilinganligining 70-yilligiga bag‘ishlab  1993 yilda tashkil qilingan muzey qayta ta’mirlanib, ishga tushirildi. Diqqatga sazovorli tomoni shundaki, muzeyda korxona tashkil topganidan to hozirgi davrgacha bo‘lgan korxona faoliyatiga tegishli eksponatlardan tashqari, yangilik sifatida AR (inglizcha: “augmented reality”) – kengaytirilgan voqelik texnologiyasidan qo‘llanildi.

Muzeyga tashrif buyurganlar o‘zlarining smartfonlariga AR-texnologiyalaridan foydalanish yo‘riqnomasidan QR-kodni skaner qilib mobil ilovani yuklab olishlari mumkin. Mobil ilova yuklab olinganidan so‘ng, smartfon ekranini muzeyda joylashtirilgan maxsus AR-markerli fotosuratga yo‘naltirsa, smartfon ekranida korxona tarixi haqida so‘zlab beruvchi videorolik paydo bo‘ladi. Muzeyga tashrif buyurgan yosh-u qari  ushbu videorolikni ko‘rib korxona faoliyati tarixi bilan tanishishga muvaffaq bo‘ladi. Jami muzeyda 4 ta maxsus AR-markerli fotosuratlar qo‘yilgan bo‘lib, ularning har birida korxona faoliyati tarixini so‘zlab beruvchi videoroliklar joy olgan.

Muzeyda qo‘llanilgan AR-texnologiyasining afzallik tomoni shundaki, muzeyga tashrif buyurgan odam birovning xizmatisiz, o‘zi, bemalol korxona faoliyati tarixi bilan tanishadi.

“Buxoro HETK” AJ Matbuot xizmati.