Yangi qaror: 1-maydan 201 kVt⋅soatdan 500 kVt⋅soatgacha elektr energiyasiga 900 so‘mdan emas, 800 so‘mdan to‘laysiz

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika resurslari iste’molchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2024-2025-yillarda yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining bosqichma-bosqich o‘zgarish grafigiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida” 194-son qarori qabul qilindi.

Davlatimiz rahbarining topshiriqlariga muvofiq ishlab chiqilgan mazkur qaror bilan Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-apreldagi 204-son qarori bilan tasdiqlangan 2024-2025-yillarda yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining bosqichma-bosqich o‘zgarish grafigiga aholi uchun yengillik yaratadigan o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Masalan, yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining oshishi muddati 1-apreldan 1-may sanasiga ko‘chirildi.

Qolaversa, 201 kVt·soatdan 1000 kVt·soatgacha bo‘lgan differensiallashgan tarif bo‘yicha iste’mol miqdori orasiga yangi miqdor kiritilmoqda. Ya’ni 2025-yil 1-maydan e’tiboran aholi iste’molchilari 201 kVt·soatdan 500 kVt·soatgacha bo‘lgan yangi miqdor oralig‘ida har bir kilovatt·soat uchun 800 so‘mdan to‘laydi (shu paytgacha 201 kVt·soatdan 1000 kVt·soatgacha bo‘lgan qismi uchun 900 so‘mdan haq to‘langan).

Aytish joizki, bir oyda o‘rtacha 500 kVt·soat miqdorida elektr energiyasi sarflaydigan xonadon vakillari buning uchun 2025-yilning 1-may sanasiga qadar 360 ming so‘m to‘lashardi (200 kVt·soat bazaviy norma uchun 90 ming so‘m, 201 kVt·soatdan 500 kVt·soat uchun 270 ming so‘m). Tarif o‘zgarishlaridan so‘ng bir oyda o‘rtacha 500 kVt·soat tok ishlatadigan xonadon buning uchun… 360 ming so‘m to‘laydi (200 kVt·soat bazaviy norma uchun 120 ming so‘m, 201 kVt·soatdan 500 kVt·soat uchun 240 ming so‘m). Ya’ni ular uchun narx oshayotgani yo‘q.

Bundan tashqari, qaror bilan elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari har yili 1-maydan bir marotaba yillik inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda 10 foizdan yuqori bo‘lmagan miqdorda indeksatsiya qilib borilishi belgilanmoqda.

⚡️Isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga 1 million so‘m miqdorida bir martalik yordam beriladi

2025/2026-yilgi isitish mavsumida aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘shimcha moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning noyabr oyida quyidagi oilalarga 1 million so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi (https://t.me/uzauz/15219):

▫️Reestrlarga kiritilgan oilalarga;

▫️“mahalla yettiligi” xulosasi asosida Reestrlarga kiritilmagan, biroq yordamga muhtoj oilalarga.

Bunda “mahalla yettiligi” tomonidan qo‘shimcha ro‘yxat shakllantirilishida birinchi navbatda, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, a’zolari I yoki II guruh nogironi bo‘lgan shaxslardan iborat bo‘lgan oilalar, nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalar, uzoq muddatli davolanishni talab etadigan kasalliklar bilan kasallangan shaxslar yashovchi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi shaxslar hamda yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, uch va undan ortiq oila yashaydigan xonadonlarda hamda gaz ta’minoti bo‘lmagan va markazlashtirilgan tartibda isitilmaydigan ko‘p qavatli uylarda yashovchi oilalar inobatga olinadi.

Qo‘shimcha ravishda shakllantiriladigan ro‘yxatdagi oilalar soni Reestrlarga kiritilgan oilalar sonining 40 foizidan oshmasligi lozim

Manba

⚡️Kam ta’minlangan oilalarga elektr va gaz toʻlovlarida davlat kompensatsiyasi joriy etiladi

2025-yil 1-maydan 2027-yil 1-aprelga qadar “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi hamda Kambag‘al oilalar reestriga kiritilgan, shuningdek, Reestrlarga kiritilmagan, biroq moddiy ahvoli bo‘yicha kam ta’minlangan oilalar mezonlariga to‘g‘ri keluvchi, oiladagi jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1,5 barobaridan oshmaydigan oilalarga:

▫️elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha – oyiga bazaviy me’yordan 150 kVt soatgacha;

▫️tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha – isitish mavsumida oyiga bazaviy me’yordan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda oyiga bazaviy me’yordan 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi.

Manba

ELEKTR ENERGIYASI ISTE’MOLCHILARI DIQQATIGA!

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini yoqilgʻi-energetika resurslari bilan ishonchli tarzda taʼminlash, shuningdek, aholi hamda tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasiga elektr energiyasi va gaz boʻyicha yangi tariflarning kuchga kirish muddatini kechiktirish topshirigʻini berdi.

Yangi tariflar avval rejalashtirilgani kabi 1-apreldan emas, 1-maydan kuchga kiradi. 2024-yil 16-apreldagi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga buni nazarda tutuvchi oʻzgartirish kiritiladi.

Korrupsiya haqida xabar bering!

Hurmatli fuqarolar! Agar siz, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hamda uning filial va korxonalari faoliyatida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga duch kelsangiz, quyidagi aloqa manzillariga xabar berishingizni so‘raymiz:

Ishonch telefoni: +998781507561,

Telegram-bot: @HETanticor_bot

Call-markaz: 1154

Eslatib o‘tamiz: Qonunchilikda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar qiluvchi shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari davlat himoyasida bo‘lishi belgilangan.

HURMATLI ELEKTR ENERGIYASI ISTE’MOLCHILARI!

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan “HET BILLING” dasturiy kompleksini takomillashtirish maqsadida zarur texnik ishlar olib borilishi munosabati bilan 2025 yil 21-22-mart kunlari Ma’lumotlarni qayta ishlash markazida profilaktik ishlar olib borilishini ma’lum qilamiz.

Mazkur vaqt oralig‘ida elektr energiyasi uchun onlayn to‘lovlarni amalga oshirish hamda shaxsiy hisob raqamdagi mavjud ma’lumotlarni olishda texnik uzilishlar bo‘lishi mumkin.

Iste’molchilarga qulaylik yaratish maqsadida ayni muddatda qarzdor iste’molchilar avtomatik tarzda tarmoqdan ajratilmaydi.

Keltirilgan noqulayliklar uchun oldindan uzr so‘raymiz.

Hurmatli elektr energiyasi iste’molchilari!

🌧Viloyatimizda kuzatilyotgan noqulay ob-havo (yog’ingarchilik) oqibatida ayrim hududlarda elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar sodir bo’lmoqda.

👷‍♂”Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan 24 soatlik navbatchilik asosida barcha tezkor chiqish brigadalar va maxsus texnika vositalari shay xolatga keltirilgan bo’lib, yuzaga kelgan elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlarni bartaraf etish uchun tezkor chiqish brigadalari jalb qilingan. 

☎️ Istalgan vaqtda Call markazining 1154 qisqa raqamiga murojaatlaringizni yo’llashingiz mumkin.

“Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ

Qonunchilikdagi_yangiliklar

❗️Elektr energetikasi sohasidagi faoliyat turlarini litsenziyalash tartib-taomillari belgilandi

Hukumat qarori (91-son, 13.02.2025 y.) bilan “Elektr energetikasi sohasidagi faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to’g’risida”gi nizom tasdiqlandi

Nizom elektr energetikasi sohasidagi faoliyat turlarini litsenziyalash, litsenziya to’lovlarini hisoblash va to’lash, litsenziatlar faoliyatini nazorat qilish va ularning hisobini yuritish tartib-taomillari va shartlarini belgilaydi.

Nizom “Elektr energetikasi to’g’risida”gi Qonunida litsenziyalanishi belgilangan elektr energetikasi sohasidagi faoliyat turlariga (kichik turlariga) nisbatan tatbiq etiladi. Har bir litsenziya kichik turi uchun alohida litsenziya olinadi.

Nizom talablari quyidagi hollarda nisbatan tatbiq etilmaydi:

➖yagona elektr energetikasi tizimiga ulanmagan holda elektr energiyasini ishlab chiqaruvchilarga;
➖yagona elektr energetikasi tizimiga ulanmagan elektr energiyasini saqlash tizimlariga;
➖quvvati 5 MVt dan kam bo’lgan elektr stansiyalardan elektr energiyasini ishlab chiqaruvchilarga;
➖o’z ehtiyojlari uchun elektr energiyasini saqlashda ishlatiladigan elektr energiyasini saqlash uskunasidan foydalanuvchilarga.

Litsenziyalash Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tomonidan litsenziyalash va ruxsatnoma olish sohasida interaktiv xizmatlar ko’rsatish uchun “Litsenziya” AT orqali amalga oshiriladi.

Talabgor litsenziya olish uchun “Litsenziya” AT, davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP (my.gov.uz) orqali elektron shaklda belgilangan ma’lumotlarni ko’rsatgan va qo’shimcha hujjatlarni ilova qilgan holda ariza to’ldiradi.