Energiya samaradorligi va energiya tejamkorligi taraqqiyot garovi
Keling, avvalo “Energiya samaradorligi”ga ta’rif bersak. Energiya samaradorligi bu – energiya resurslaridan samarali, ya’ni oqilona foydalanishga qaratilgan jarayonlar majmuidir. Binolarning energiya ta’minoti yoki ishlab chiqarish jarayonlari uchun kamroq energiya sarflash evaziga kerakli natijaga erishish ham samaradorlik ko‘rsatkichi hisoblanadi. Texnika va texnologiya rivojlanishining hozirgi darajasida yoqilg‘i-energetika resurslaridan foydalanishda iqtisodiy jihatdan asoslangan samaradorlikka erishish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish talablariga rioya qilish ham shular jumlasidan.
Ofis xonalarining eshik va deraza romlari qishda issiq, yozda sovuq haroratni saqlash uchun izolyasiya qilingan bo‘lishi, energiya tejamkor maishiy texnika va yoritish uskunalaridan foydalanish – energiya samaradorligi uchun juda muhimdir. Xuddi shu kabi neft-gaz mahsulotlaridan ham tejamkorlik bilan foydalanib, ulardan foydalanish samaradorligini oshirish mumkin. Shu o’rinda, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng ko’lamda foydalanish energiya samaradorligini yanada oshirish va tabiiy resurslarni kelajak avlodga yetkazish uchun xizmat qilishini ta’kidlab o’tish joiz. Isitish va sovitish jihozlaridan ham to‘g‘ri, oqilona foydalanish – energiya samaradorlik ko‘rsatkichlaridan biri. Ushbu ko‘rsatkichlar, avvalo, shaharsozlik loyihalari, bino-inshootlar qurilishini loyihalashtirish, qurilish materiallarini tanlash, sifatli qurish jarayoni, bino-inshootlarning ichki intererini jihozlash me’yorlariga amal qilish bilan chambarchas bog‘liq. Oddiy so‘z bilan aytganda, noto‘g‘ri qurilgan bino-inshootdan tortib noto‘g‘ri foydalanilgan oddiy maishiy uskuna-jihozlargacha – iqtisodiyotga katta zarar, jamiyat va davlat taraqqiyotining kushandasi hisoblanadi.
Bugungi kunda mavjud energo resurslardan tejamkorlik bilan foydalanish – davr talabi. Buning uchun foydalanilmayotgan elektr jihozlari va yoritish uskunalarini tarmoqdan uzib qo‘yish, ya’ni ofis yoki yashash xonalaridan chiqayotganingizda elektr jihozlarini kutish rejimida qoldirmasdan, ularni o‘chirib, tarmoqdan uzish orqali tejamkorlik tomon qadamni tashlagan bo‘lasiz. Shuningdek, ish joyi va xonadonlarni ko‘proq tabiiy yorug‘likdan ya’ni quyosh nuridan foydalangan holda yoritishga alohida e’tibor qaratish zarur. Yana bir muhim masala, Siz, ko‘cha-ko‘yda, mahallada, dam olish maskanlari-yu boshqa jamoat joylarida foydalanilmayotgan elektr jihoz va qurilmalarini tarmoqdan uzib qo‘yishni talab qilsangiz – energiya tejamkorligi va samaradorligi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda o’z hissangizni qo’shgan bo’lasiz.