Daily Archives: 09.01.2023

Murojaatlar o’z yechimini topmoqda.

 

“Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan elektr energiyasi ta’minoti bilan bog’liq muammolar bo’yicha iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlarga ijobiy yechim topish maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda. Qilingan murojaatlar o’z vaqtida joyiga chiqib o’rganilmoqda va amalga oshirilishi lozim bo’lgan qurilish, ta’mirlash ishlari bajarilmoqda. Natijada elektr energiyasi ta’minoti yanada yaxshilanmoqda.

Jumladan, Kogon tumanning “Istiqbol” MFY hududidagi Sho’robod qishlog’i aholisining qilgan murojaatlari ijobiy hal qilindi. Sho’robotliklarni elektr energiyasi bilan ta’minlovchi №87 sonli transformator punktidan chiquvchi 0.4 kV havo elektr uzatish tarmog’idagi yaroqsiz tayanchlar almashtirildi. Yangilash ishlari doirasida Kogon tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan 10 dona mustahkam temir-beton tayanchlari olib kelib o’rnatildi.

“Buxoro HETK” AJ matbuot xizmati

>>

Energetika vazirligining murojaati: Qishdan chiqib olish uchun hammamiz birgalikda energiyani iqtisod qilaylik.

“Xatolarimiz sababli sovuqqotyapmiz. Ammo hozir, shu lahzada, bir musht bo‘lib, jamiyat bo‘lib qish sovug‘idan o‘tib olmasak bo‘lmaydi. Bu bizning qo‘limizdan keladi. Har birimiz energiyani iqtisod qilishga urinsak, talafotlarni kamaytirishimiz mumkin bo‘ladi”.

2016 yildan buyog‘iga aholi va iqtisodiyotni energiya bilan ta’minlash sohasida ko‘plab ishlar qilindi, raqamlar bunga dalil. Ko‘rilgan mazkur chora-tadbirlar yetarli bo‘lmagani bu yilgi qishga kelib aniq bo‘lib qoldi: elektr energiyasini yetarlicha ishlab chiqarish uchun kerak bo‘lgan yoqilg‘i – tabiiy gaz yetmayapti. Aniqrog‘i, tabiiy gaz zaxirasini yaratish uchun kerakli ishlar qilinmagan.

Mazkur favqulodda vaziyatda favqulodda ishlarni qilish lozimligi ayon bo‘lyapti. Sovuq qishdan imkoni boricha talafotlarsiz o‘tib olish uchun. Va bu yerda mashhur haqiqat gavdalanyapti – favqulodda holatlar kimlarningdir xatosi bilan yuzaga keladi, ammo ulardan chiqib ketish uchun butun xalqning harakati, jonbozligi kerak bo‘ladi.

Shu topdagi holatimiz ham ayni shunday vaziyat – energiyani hamma, jamiyat o‘laroq, bir musht bo‘lib iqtisod qilmasak, qishdan omon o‘tib olishimiz qiyin bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi buyurtmasi bilan yaratilgan animatsion murojaatni e’tiboringizga havola qilamiz.

▶️ANIMATSION MUROJAATNI KO’RISH

👉 https://kun.uz/uz/03380455

▶️@minenergy_uz

>>