Kutilayotgan anomal sovuq kunlari energotizimda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.

 Joriy yilning 4-yanvar kuni Energetika vaziri boshchiligida tizim korxonalari rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirokida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda kelgusi hafta respublikamiz hududida havo haroratining anomal pasayishi davrida yoqilg‘i-energetika sohasidagi ishlarni to‘g‘ri va tizimli tashkil qilish, iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rish masalalari muhokama qilindi va qator vazifalar belgilab berildi.

Jumladan, birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha obyektlariga elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir mahsulotini barqaror yetkazib berish choralari ko‘rilishi ta’kidlandi. Buning uchun:

1. Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga kiritilayotgan cheklovlar davom ettiriladi;

2. Yirik ishlab chiqarish korxonalariga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi keskin kamaytiriladi;

3. Energotizimdagi yirik iste’molchilarning kunlik elektr energiyasi iste’moli kamaytiriladi va tejalgan 11-12 mln kVt-soat elektr energiyasi aholi iste’moliga yo‘naltiriladi;

4. Energotizimda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yirik avariyalarni oldini olish, barcha iste’molchilarni bir maromda elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda tasdiqlangan grafiklarga asosan qisqa muddatli cheklovlar kiritiladi;

5. Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalari va markazlarning barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida kuniga o‘rtacha 49 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib beriladi;

6. Bugungi kunda mazkur stansiyalar uchun 90 ming tonna mazut va 280 ming tonna ko‘mir yoqilg‘isi zaxirasi yaratildi;

7. Iste’molchilarga kunlik ko‘mir yetkazib berish hajmi 5000 tonnadan 8000 tonnaga oshiriladi.

Yig‘ilishda sovuq kunlarda elektr energiyasiga bo‘lgan talab ortishi natijasida elektr tarmoqlari va transformator punktlarida ham yuklamalar keskin oshishi ta’kidlandi.

Bunda, dispetcherlar mahalliy hokimliklar va hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan tasdiqlangan cheklov grafiklariga qat’iy amal qilishlari, ya’ni belgilangan muddatdan ortiq cheklovlar kiritmasligi ta’kidlandi.

Ikki soatdan oshmagan vaqt oralig‘ida hududlar kesimida joriy etilayotgan cheklov grafiklari barcha viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida e’lon qilib borilishi ta’minlanadi.

Shuningdek, anomal sovuq kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf etish uchun elektr va gaz ta’minoti korxonalarida tunu-kun ishlaydigan 1000 dan ortiq maxsus brigada tashkil etildi. Ushbu brigadalar muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etilishini ta’minlaydilar.

Iste’molchilar elektr energiyasi ta’minoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki “Telegram”dagi @HET_admin administratorga, tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti yuzasidan 1104, 104 telefon raqamlari yoki Facebook ijtimoiy tarmoqdagi guruhga hamda ko‘mir ta’minoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlari va @Uzbekcoaluz_bot “Telegram” botga murojaat qilishlari mumkin.

Shu o‘rinda iste’molchilardan elektr qurilmalari va isitish moslamalariga nihoyatda ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, ushbu qurilmalardan foydalanilmayotgan vaqtlarda tarmoqdan ajratib qo‘yishlarini, energiya resurslaridan imkon qadar tejamkorlik bilan foydalanishlarini, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilayotgan tavsiyalarga qat’iy rioya qilishlarini so‘raymiz.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Matbuot xizmati

▶️@minenergy_uz

Yangi transformator punkti o’rnatilmoqda.

Vobkent tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan tumanning “Changaron” mahalla fuqarolar yig’iniga qarashli Shakaravon qishlog’i elektr energiyasi iste’molchilarini me’yor darajasidagi sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida 250 kVA quvvatdagi transformator punktini o’rnatish ishlari olib borilmoqda. Hududdagi №36 sonli 160 kVA bo’lgan transformator punkti yuqori quvvatdagisiga almashtirilmoqda.

“Buxoro HETK” AJ matbuot xizmati

Shofirkon tumani aholisi va tadbirkorlari diqqatiga!

Shofirkon tumani aholisi va tadbirkorlarini sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida “Shofirkon” 110/35/10 podstansiyasidagi quvvati 10 000 kVA bo’lgan kuch transformatorini 16 000 kVA quvvatdagi yangi transformatorga almashtirish ishlarining olib borilishi munosabati bilan 2023 yil 4-5 yanvar kunlari tumanning Tezguzar, Bogʻiabzal, Polvonobod, Xo’ja Orif, Pashmon, Kalon, Joʻyrabod, Iskogare, Quyi Chuqurak, Talisafed, Talisangobod, Qoʻrgʻoni, Vardonze, Yangiqishloq, SH.Rashidov hamda Joʻynav MFY hududlari elektr energiyasi ta’minotida cheklov jadvallaridan tashqari o’chishlar kuzatilishi mumkinligini bildiramiz.

“Buxoro HETK” AJ matbuot xizmati