Rasmiy munosabat.
Joriy yilning 19 iyun kuni Kun.uz telegram kanali orqali “O’zbekneftigaz”: Elektr tarmoqlarida elektr ta’minotining uzilishi tabiiy gaz qazib chiqarish va qayta ishlash qurilmalari avariyaviy holatda to’xtadi” sarlavhasi ostida e’lon qilingan maqola yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
2022 yilning 19 iyun kuni tongi soat 06:22 da “Gazli-2” 110 kV havo elektr uzatish tarmog’ida avariyali uzilishlar kuzatilgan. Dispetcherlik xizmati xodimlari tomonidan bir martalik qo’shib ko’rish ishlari olib borilgan va soat 06:43da elektr energiyasi ta’minoti qayta tiklangan. Keyingi bosqichda elektr energiyasi ta’minotidagi uzilish sabablarini aniqlash va kamchiliklarni bartaraf qilish maqsadida dastlabki o’rganish ishlari amalga oshirilgan. Umumiy uzinligi 160 kmdan ortiqni tashkil qiluvchi “Gazli-2” 110 kV elektr uzatish tarmog’ining “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ hisobida bo’lgan 117 km masofadagi qismi “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ xodimlari tomonidan ko’rikdan o’tkazilib, o’rganib chiqilgan va elektr uzatish tarmog’ining “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJga tegishli qismida avariyali uzilishlar kelib chiqishiga sabab bo’luvchi kamchiliklar aniqlanmagan. (Qolgan 43 km qismi “Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi”ga tegishli)
Hozirda “Gazli-2” 110 kV elektr uzatish tarmog’ida kuzatilgan uzilishlar sabablarini aniqlash bo’yicha maxsus ishchi guruh tuzilganligini va ishchi guruh tomonidan navbatdagi o’rganish ishlari olib borilayotganligini ma’lum qilamiz.
Shuningdek, kelgusida bu kabi uzilishlar kuzatilishini oldini olish uchun “Gazli-2” 110 kV elektr uzatish tarmog’ining “Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi”ga tegishli qismini ham ko’rikdan o’tkazish maqsadga muvofiqligini bildiramiz.
“Buxoro HETK” AJ matbuot xizmati