Prezidentimizning 2018 yil 23 oktyabrda “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 2021 yil yakunigacha 7 milliondan ortiq iste’molchilarning barchasi elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanishi belgilangan.
Shunga ko‘ra, Buxoro viloyatining G’ijduvon tumanida ham Janubiy Koreyaning “KT Corporation” kompaniyasi bilan hamkorlikda EHNAT (ASKUE) – elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish ishlari olib borilmoqda.
Shu yaqin kunlarda G’ijduvon tumanida reja asosida 57 mingga yaqin maishiy iste’molchilar va 2 961 nafar yuridik iste’molchilarga elektr hisoblagichlari o’rnatish ishlari amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu bilan birga viloyatdagi barcha iste’molchilarning elektr hisoblagichlari elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan 2019-2021 yillar davomida pudratchi tashkilot hamkorligida bosqichma-bosqich etkazib beriladigan ko‘p funksiyali “KAIFA” rusumli elektr hisoblagichlarga almashtiriladi va to‘liq Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanib, “Billing” markazi orqali boshqarilishi ta’minlanadi.