Qoidabuzar elektr energiyasi iste’molchilariga nisbatan choralar ko’rildi.
Buxoro viloyatida Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi to‘liq joriy qilingan. Elektr energiyasi uchun to‘lovlar oldindan amalga oshirilib kelinmoqda. Qarzdorlik kelib chiqqan hollarda iste’molchi tarmoqdan avtomatik tarzda ajratib qo‘yilmoqda.
Biroq ba’zi bir uddaburon iste’molchilar hech kim bilmaydi qabilida ish tutib qonunni chetlab o‘tgan holda qarzdorligi sabab tarmoqdan avtomatik tarzda ajratilganda qarzdorlik summasini to‘lamasdan o‘zboshimchalik bilan elektr energiyasidan foydalanish qoidalarini qo‘pol tarzda buzgan holatda tarmoqqa noqonuniy ulanib olishni afzal ko‘rishmoqda.
Bunday uddaburon iste’molchilar avtomatik tizim imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda korxonaning o‘zidan turib aniqlanmoqda. Joyiga chiqib o‘rganilmoqda. Tartibni buzgan elektr energiyasi iste’molchilariga nisbatan tegishli tartibda dalolatnomalar rasmiylashtirilib, qonun buzilishiga yo‘l qo‘yganlar tarmoqdan uzib qo‘yilmoqda.
Bu galgi tadbir “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati hamda uning tarkibidagi Buxoro shahar elektr ta’minoti korxonasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Batafsil
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA