ISTE’MOLCHILARNI BARQAROR ELEKTR ENERGIYASI BILAN TA’MINLASH YO‘LIDA

“Buxoro HETK” AJ tarkibidagi tuman, shahar elektr ta’minoti korxonalari ishchi-xodimlari tomonidan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” Davlat dasturlari ijrosi doirasida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2017-2021 yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yanada modernizasiya qilish va yangilash dasturi to‘g‘risida»gi PQ-2661 sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida amaliy ishlar jadallik bilan olib borilmoqda.

Xususan, Romitan TETK xodimlari tomonidan tumanning «Azizon» MFY “O‘ba qurilish” qishlog‘i iste’molchilarini me’yor darajasidagi elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun 209-sonli transformator punktiga qo‘shimcha ravishda 160 kVA quvvatga ega bo‘lgan transformator punkti o‘rnatib berildi. Shuningdek, 2 km uzunlikdagi havo elektr uzatish tarmoqlarini yangilash ishlarining amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda dasturga binoan 27 dona mustahkam temir-beton tayanchlarni qurish ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Jondor tumani “Somonchiq” MFY Somonchiq qishlog‘ida “Obod qishloq” Davlat dasturi asosida tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirildi. Hudud aholisi hamda tadbirkorlarning elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash maqsadida 6 dona mavjud transformator punkti mukammal ta’mirlandi va qo‘shimcha 1 dona 100 kVA quvvatga ega bo‘lgan transformator punkti o‘rnatilib, montaj ishlari bajarildi. Shuningdek, 60 dona mustahkam temir-beton tayanch qurilib, 1,3 km uzunlikdagi havo elektr uzatish tarmoqlari yangilandi va 2,3 km zamonaviy SIP kabellari tortildi.

Bugungi kunda amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar barcha turdagi elektr energiyasi iste’molchilarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

“Buxoro HETK” AJ matbuot xizmati.

Accessibility