Qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlari yakunlandi
21-22 avgust kunlari Buxoroda “Boshqaruv organlari, FVDT hududiy quyi tizimlarining aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha harakatlari” mavzusida qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Bugun viloyat hokimligida boshqaruv organlari va FVDT xizmatlari ishtirokida qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqi yakunlari bo‘yicha hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri A.Qo‘ldoshev, viloyat hokimi-fuqaro muhofazasi boshlig‘i B.Zaripov, sektor rahbarlari qatnashdilar.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqi yakunlari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri A.Qo‘ldoshevning ma’ruzasi tinglandi.
Qayd etilganidek, o‘tgan 2023 yilning 10-11 avgust kunlari Prezidentimizning Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlarni o‘tkazish yuzasidan berilgan topshiriqlarga asosan, birinchi bor Buxoro viloyati hududida joylashgan energetika, kommunal, ijtimoiy soha ob’ektlarining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash, aholi va iqtisodiyot tarmoqlariga energiya resurslarini uzluksiz yetkazib berishda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyat va yirik avariyalarni oldini olish hamda bunday vaziyatlarda kam talofatlar bilan bartaraf etishda hamkor tashkilotlarning harakatlari o‘rganilib, baholandi. Bu tajriba respublikaning barcha hududlariga joriy etildi.
21-22 kunlari viloyatning elektr ta’minoti yo‘nalishidagi – elektr energiyasini ishlab chiqarish (quyosh va shamol elektr stansiyalari) va uzatish (milliy elektr tarmoqlari), iste’molchiga tarqatish (hududiy elektr tarmoqlari), gaz ta’minoti yo‘nalishida – gazni qazib olish, uni qayta ishlash, va iste’molchilarga tarqatish (hududgazta’minoti), issiqlik ta’minoti yo‘nalishida – ishlab chiqarish (issiqlik markazlari), issiqlikni yetkazish va tarqatish (uy-joy mulkdorlar shirkati), ichimlik suvi ta’minoti yo‘nalishida – ishlab chiqarish (tozalash inshootlari), ichimlik suvini yetkazish va tarqatish (suv ta’minoti xizmati), ko‘mir ta’minoti yo‘nalishida – yetkazish, saqlash (omborxonalar), tarqatish (omborlar, mahallalar) ob’ektlarida Qo‘mondonlik – shtab o‘quv mashqlari o‘tkazildi.
O‘tkazilgan Qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqining yakunlari bo‘yicha FVDT, ularning mas’ul xodimlari o‘z xizmat vazifalarini bilishlari, uni rasmiylashtirilganligi va taqsimlashtirilganligi o‘rganib chiqilishi lozimligi, ko‘p qavatli uylar, kvartiralariga uyma-uy yurib fuqarolarning gaz, elektr asbob-anjomlarini taftishdash o‘tkazish, nosozlarini qizil ro‘yxatga kiritib, hal etish choralarini ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlari davomida o‘tkazilgan amaliy tadbirlar hamda maxsus-taktik o‘quv mashqlarida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan vazifalar belgilandi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati