Buxoro shahridagi birinchi elektr stansiya
2023 yilda Buxoro shahridagi birinchi elektr stansiyasining ishga tushirilganiga 100 yil to’ldi. 1923 yilga qadar Buxoroi Sharif va atrof hududlarda yashovchi xalq elektr degan tushunchani bilmas edi. Shahar ko’chalari kech kirgach zim-ziyo, xonadonlarda esa pilikdan tayyorlangan “qorachiroq”lar uylarni arang yoritib turardi.
Buxoro Xalq Sho’rolar Jumhuriyati qaror topgach, Fayzulla Xo’jayev rahbarligida shaharni elektrlashtirish, shaharda joylashgan Respublika ma’muriy binolarini, ko’chalarni, shahar shifoxonasi va teatr binolarini yoritish, ichimlik suvini olib kelish, kichik zavod va fabrikalarni elektrlashtirish rejasi tuzilib, 1923 yilda elektr stansiya qurilishi boshlandi. Gruziyaga qarashli “Satsanbo” texnik qurilish tashkiloti ko’pchilikka xizmat qiladigan ilk elektr stansiyani kurib berdi. Ilk stansiyada ikki xil ko’rinishga ega bo’lgan dizel bor edi. Ikki dizel elektr stansiyasining biri Shveysariyada ishlab chiqarilgan bo’lib, 150 ot kuchiga, ikkinchisi esa Xarkovda ishlab chiqarilgan bo’lib, 120 ot kuchiga teng edi. Bu elektr stansiya 1923 yilda ishga tushirildi.
Stansiyani qurish va ishga tushirish jarayonlarini boshqarish uchun Rossiyadan mutaxassislar jalb qilindi. Buxoro elektr stansiyasi qurilib dastlabki faoliyatini boshlaganda unda o’n to’rt kishi ishlagan edi. Stansiyaning birinchi boshlig’i G.S. Fidelman, bosh mexanik L. Eduard, stansiya mashinistlari Rogachev va Proxorenko, mashinist yordamchisi F.Gruzdev, yog’lovchi P.Lodayev, nazoratchi-elektrotexnik S.Jarkovskiy, elektromontyorlar K.A.Montula, N.I.Layxner, V.I. Silchenko, hisobchi N.Yusupov, kotiba T.A.Gluxacheva va shu kabilarning nomlari Buxoro energetikasi tarixiga muxrlangandir. Elektr stansiyaning ishga tushishi Buxoro Xalq Sho’rolar Jumhuriyati poytaxtini har jihatdan rivojlanishi uchun muhim ahamiyat kasb etgan.
1924 yilda elektr stansiya huzurida elektr payvandlash bo’limi, aholiga xizmat qiladigan turli asbob-uskunalarni yasash va sotish do’koni ham ochildi. O’sha yilning 9 noyabrida bo’lib o’tgan ochilish marosimida elektr stansiyaga “Mavlonbekov” nomi berildi.
Stansiya Buxoro Xalq Sho’rolar Jumhuriyatining Savdo sanoat nozirligiga qarar edi.
Ming afsuski, Buxoro Arkining orqa tomonida joylashgan bu bino hozir saqlanib qolmagan.