Buxoro shahrida 1923-1936 yillarda elektr tarmog’ining rivojlanishi
Birinchi dizel elektr stansiya kunduzlari shaharning markaziy ko’chalari bo’ylab, shifoxona, asosiy-ma’muriy davlat korxonalari kabi tashkilotlarni yoritar, kechqurun Buxoroi Sharifning o’n bir: “Samarqand”, “Hazrati Imom”, “Talipoch”, “O’g’lon”, “Shergiron”, “Qorako’l”, “Shayx-Jalol”, “Namozgoh”, “Qarshi”, “Sallohxona”, “Mozori Sharif” darvozalariga boradigan yo’llarini nurafshon qilib, xonadonlarni qorong’i zulmatdan ozod etdi. Odamlarning ko’zlarida sevinch yoshlari bo’lib, hammalari elektr chirog’idan foydalanganlaridan xushu-xursand edilar.
Elektr stansiyaning imkoniyati kamligi sababli chiroqlar tun bo’yi emas, faqat ma’lum muddatlardagina yoqilgan.
Yillar o’tgani sayin elektr quvvatiga talab osha borib mazkur stansiyaning quvvati yetishmay qoladi. Natijada 1924 yilga kelib stansiyaning eski dizellari quvvati 400 ot kuchiga ega bo’lgan “MAN” rusumidagi ikkita yangi dizel generatori bilan almashtiriladi. Stansiyaning umumiy quvvati shu tariqa 800 ot kuchiga yetkaziladi.
1927 yilda shahar aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida suv nasos stansiyasi qurilishi boshlanadi. Iste’mol quvvati 100 kVtdan iborat bu nasos stansiyasi tomon elektr stansiyadan 6,6 kVli yuqori elektr uzatish tarmoqlari va ikkita transformator o’rnatiladi. O’sha yillari shahar suv tarqatish tarmog’ining umumiy uzunligi 9,5 kilometrni tashkil qilar edi. Umuman stansiya juda katta quvvat bilan ishlay boshladi. 1934 yilga qadar elektr simlari 16 km joyni egalladi. 1930 yilga kelib sanoat korxonalarining, ko’chalarni yoritish tarmoqlarining ko’payishi kommunal xo’jalik va savdo-sotiq binolari, kasalxonalarning elektr energiyasiga bo’lgan ehtiyojlari yanada oshishi bu sohada jiddiy rivojlanishni taqozo etdi.