"Buxoro HETK” AJ o‘yingohida kichik futbol musobaqasi o‘tkazildi.

“Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ rahbariyati tomonidan sohada faoliyat yuritib kelayotgan yosh mutaxassislarning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish, futbol musobaqalarini tashkil qilish orqali xodimlarning ma’naviy hordiq olishlariga ko‘maklashish, qolaversa xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ularni turli kasalliklardan sport va sog‘lom turmush tarzi asoslari orqali muhofaza qilish, sportga qiziqtirish orqali mehnat faoliyati samaradorligini oshirish maqsad qilib qo‘yilgan. Shu sabab, “Buxoro HETK” AJ hududida qurilgan futbol o‘yingohida kichik futbol musobaqasi tashkillashtirildi. Musobaqada jamiyat tarkibidagi elektr ta’minoti korxonalari, bo‘lim va xizmatgohlarning  xodimlari o‘zaro kuch sinashishdi.

Darhaqiqat, tabiiy chim qoplamasi ustida bo‘lib o‘tgan o‘yinlar murosasiz bahslarga aylanib ketganligi bilan barchani xursand qildi. Yakunda kuchli uchlik vakillari saralanib, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

Ushbu kichik futbol o‘yingohida tuman va shahar elektr ta’minoti korxonalarining xodimlari o‘rtasida futbol musobaqalarini doimiy ravishda tashkil qilib borish jamiyat kasaba uyushmalari raisi tomonidan ta’kidlab o‘tildi. Zero sog‘ tanda sog‘lom aql.

“Buxoro HETK” AJ Matbuot xizmati.

Davlatimiz rahbari elektr tarmoqlari korxonasining innovasion markaziga tashrif buyurdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Bo‘lib o‘tgan taqdimotda amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar Buxoro viloyati misolida ko‘rsatib berildi.

Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirilgan tizimi loyihasini amalga oshirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 oktyabrdagi “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Buxoro, Samarqand, Jizzax viloyatlarida elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish tizimiga mos bo‘lgan hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari 2019 yilda boshlandi. Viloyat bo‘yicha 437046 hisoblagichdan 430116 tasi (98%) almashtirildi. Shundan 425615 tasi (99%) billing tizimiga ulandi. Aholi iste’molchilariga 2019 yilda yetkazib berilgan elektr energiya 656.3 mln. Kvt.soat bo‘lgan bo‘lsa 2020 yilda 743.9 mln. Kvt.soat ya’ni 87.6 mln. Kvt.soat ortiqcha elektr energiya yetkazib berildi.

“Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati ma’muriy binosi va tuman, shahar elektr ta’minoti korxonalarida kichik “data-sentr” tashkil qilingan bo‘lib, elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish tizimiga ulangan barcha aqlli hisoblagichlardan doimiy ravishda ma’lumotlarni qabul qilib markazlashgan ma’lumotlar markazi (data sentr)ga yetkazib beradi. Buning natijasida elektr energiyasi iste’moli hisob-kitoblari soat, kun, oylik va yillik energiya balanslari to‘g‘ri shakllanmoqda.

Ushbu tizim orqali barcha elektr uzatish tarmoqlari, transformator punkt yuklamalarini tongi va kechki tig‘iz vaqtlarda me’yorda ushlab turish, avariyali o‘chishlarni qisqa vaqt ichida aniqlash va bartaraf etish, elektr hisoblagich elektr energiyasini qabul qilish va uzatishda ma’lumotlar almashinuvida ikki tomonlama imkoniyat yaratilishi, yuklama ostida ishlayotgan transformator punktlarini ushbu tizim yordamida aniqlab, kelajakda modernizasiya va rekonstruksiya qilish ishlarini rejalashtirish imkoniyati mavjud.

Pirovard natijada elektr hisoblagichlar billing tizimga ulanib, qarzdor iste’molchilar avtomatik tarzda tarmoqdan uziladi va elektr energiyasi haqi to‘langanidan keyin avtomatik tarzda qayta tarmoqqa ulanadi.

Bunda inson omili kamayib, noqonuniy ulanishlar va korrupsiya holatlariga chek qo‘yiladi.

«Buxoro HETK» AJ matbuot xizmati

Peshko‘ tuman ETKda xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya etish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

“Buxoro HETK” AJ tarkibidagi Peshko‘ tumani ETKda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning Mustahkamlik va xavfsizlik texnikasi xizmati mutaxassisi, «O‘zenergoinspeksiya»ning Buxoro hududiy bo‘limi mutaxassislari,  «Buxoro HETK» AJning mas’ul xodimlari, Peshko‘ tumani ETK ustalari va elektromontyorlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan seminar mashg‘ulotida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalarining tafsilotlari, kelib chiqish sabablari tanqidiy ruhda muhokama qilinib, ishdan so‘ng oila bag‘riga sog‘-salomat qaytishni asosiy maqsad deb bilish lozimligi alohida ta’kidlandi.

Kichik kamchiliklar, kichik bir e’tiborsizlik inson hayotini butkul izdan chiqarib yuborishi, katta ko‘ngilsizliklarga olib kelishi mumkinligiga e’tibor qaratish kerakligiga to‘xtalib o‘tildi. Seminar davomida xodimlar bilan o‘zaro fikr almashildi va xavfsizlik texnikasi qoidalari bo‘yicha savol-javoblar o‘tkazildi.

“Buxoro HETK” AJ Matbuot xizmati

“Buxoro HETK” AJ hamda uning tarkibidagi elektr ta'minoti korxonalarida ham umumxalq xayriya hashari o‘tkazildi.

Bahor yasharish va yangilanish fasli. Aynan shu faslda tabiat uyg‘onib, atrof muhit go‘zallikka yuz tutadi. Bahor fasli boshqa fasllardan o‘zining fusunkor bayramlari bilan ham alohida ajralib turadi. Xalqimizga jo‘shqin kayfiyatni tuhfa etuvchi, qalblariga shodlik, yuzlariga tabassum ulashuvchi “Navro‘z” bayrami ana shunday bayramlardan biridir. Shu sabab qutlug‘ bayram arafasida butun yurtimiz bo‘ylab umumxalq hasharlari tashkillashtiriladi. Hashar yurtdoshlarimiz, mahalladoshlarimiz, hamkasblarimizni hamjihatlikka chorlab, atrof muhitning tozaligiga hissa qo‘shishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.

 Barcha korxona va tashkilotlar singari “Buxoro HETK” AJ hamda uning tarkibidagi elektr ta’minoti korxonalarida ham umumxalq xayriya hashari o‘tkazildi. Hasharda soha xodimlari tomonidan hududlarda obodonlashtirish, ariqlarni tozalash va daraxtlarni oqlash kabi ishlar hamjihatlik bilan olib borildi.

“Buxoro HETK” AJ Matbuot xizmati.

Davlat va shartnomaviy xizmatlarini rivojlantirish muhim vazifa qilib belgilandi.

“Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi”AJning katta majlislar zalida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Davlat va shartnomaviy xizmatlarni rivojlantirish boshqarma boshlig‘i N.Meyliyev va boshqarma mutaxassisi M.Abdullayev, “Buxoro HETK” AJning rahbariyati, tegishli xizmat xodimlari hamda jamiyat tasarrufidagi barcha shahar va tuman rahbarlari, bosh muhandislari, mas’ul xizmat xodimlari ishtirokida o‘quv seminar tashkil etildi.

Seminarda yuridik va jismoniy shaxslarga davlat va shartnomaviy xizmatlar ko‘rsatishni rivojlantirish, iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatni to‘la qamrab olish choralarini ko‘rish, xizmat ko‘rsatishning natijadorligini oshirishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarga alohida e’tibor qaratildi va kamchiliklarni bartaraf etishda nimalarga ahamiyat berish kerakligi haqida prezentasiya ko‘rinishida batafsil tushunchalar berildi.

Shu jumladan davlat va shartnomaviy xizmatlarini ko‘rsatishda “korrupsiya”ga aslo yo‘l qo‘ymaslik, xizmatlarni ko‘rsatishda shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaning salbiy oqibatlari haqida misollar bilan batafsil tushunchalar berildi.

Jamiyat rahbari B.Xayotov tomonidan bugungi kundagi davlat va shartnomaviy xizmatlarni ko‘rsatishdagi natijalar yaxshi emasligi tanqid qilinib, rivojlantirish istiqbollari yuzasidan korxona mas’ullariga alohida ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Shuningdek, davlat va shartnomaviy xizmatlarni ko‘rsatishdan korxonaga kelib tushadigan mablag‘lar shu korxonada faoliyat olib borayotgan har bir xodimning mehnat sharoitlari yaxshilanishi, moddiy texnika bazasining mustahkamlanishi, xodimlarni qo‘shimcha moliyaviy rag‘batlantirilishiga hamda korxonaning ravnaq topishi uchun qo‘shimcha loyihalarni tadbiq qilinishiga sarflanishi ta`kidlandi.

Seminar savol javob tarzida amalga oshirilib, xodimlarni qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddilar tomonidan atroflicha javoblar qaytarildi va bildirilgan takliflar tinglandi.

“Buxoro HETK” AJ matbuot xizmati

BUXORODA SEKTOR RAHBARLARI ASKUE TIZIMI BILAN YAQINDAN TANISHDILAR

«Buxoro HETK» AJ tomonidan Buxoro shahrida joriy etilgan ASKUE tizimi bilan sektor rahbarlarini yaqindan tanishtirish maqsadida taqdimotlar o‘tkazildi.

Tadbirda viloyatda energetika sohasini yanada rivojlantirish, ishlab chiqilgan dasturlar hamda loyihalarning joylardagi ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, bu boradagi yutuqlar, ASKUE tizimining natijadorligi yuzasidan sektor rahbarlariga batafsil tushuntirishlar berildi.

Yig‘ilganlar o‘tgan davr mobaynida shaharda olib borilgan keng ko‘lamdagi sa’y-harakatlar hamda ushbu tizim orqali iste’molchilarga yaratiladigan qulaylik va imkoniyatlar, shu bilan bir qatorda bugungi kunda erishilgan iqtisodiy samaradorliklar xususidagi taqdimot bilan tanishdilar.

                                                                              “Buxoro HETK” AJ matbuot xizmati

“Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ da viloyatdagi OAV xodimlari, mustaqil jurnalist va blogerlar bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

“Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJning katta majlislar zalida “Buxoro HETK” AJ rahbarlari ishtirokida viloyat miqiyosida elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va yangiliklar, ASKUE tizimi misolida sohaga raqamli iqtisodiyotning kirib kelayotganligi, ta’minotda yuzaga kelayotgan uzilishlar tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Matbuot anjumani ochiq-oshkora ruhda bo‘lib o‘tdi. Anjumanda ishtirok etgan OAV xodimlari va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldilar.

Buxoro viloyat teleradiokompaniyasining «Diyor yangiliklari» informasion dasturidagi ushbu matbuot anjumaniga bag‘ishlangan videolavhasi

“Buxoro HETK” AJ matbuot xizmati

“Buxoro HETK” AJda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan seminar trening bo‘lib o‘tdi.

“Buxoro HETK” AJda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning chora-tadbirlariga bag‘ishlangan seminar trening bo‘lib o‘tdi. Mavzu yuzasidan lavha “Diyor yangiliklari” informasion dasturi orqali efirga uzatildi.