Davlat va shartnomaviy xizmatlarini rivojlantirish muhim vazifa qilib belgilandi.

“Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi”AJning katta majlislar zalida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Davlat va shartnomaviy xizmatlarni rivojlantirish boshqarma boshlig‘i N.Meyliyev va boshqarma mutaxassisi M.Abdullayev, “Buxoro HETK” AJning rahbariyati, tegishli xizmat xodimlari hamda jamiyat tasarrufidagi barcha shahar va tuman rahbarlari, bosh muhandislari, mas’ul xizmat xodimlari ishtirokida o‘quv seminar tashkil etildi.

Seminarda yuridik va jismoniy shaxslarga davlat va shartnomaviy xizmatlar ko‘rsatishni rivojlantirish, iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatni to‘la qamrab olish choralarini ko‘rish, xizmat ko‘rsatishning natijadorligini oshirishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarga alohida e’tibor qaratildi va kamchiliklarni bartaraf etishda nimalarga ahamiyat berish kerakligi haqida prezentasiya ko‘rinishida batafsil tushunchalar berildi.

Shu jumladan davlat va shartnomaviy xizmatlarini ko‘rsatishda “korrupsiya”ga aslo yo‘l qo‘ymaslik, xizmatlarni ko‘rsatishda shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaning salbiy oqibatlari haqida misollar bilan batafsil tushunchalar berildi.

Jamiyat rahbari B.Xayotov tomonidan bugungi kundagi davlat va shartnomaviy xizmatlarni ko‘rsatishdagi natijalar yaxshi emasligi tanqid qilinib, rivojlantirish istiqbollari yuzasidan korxona mas’ullariga alohida ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Shuningdek, davlat va shartnomaviy xizmatlarni ko‘rsatishdan korxonaga kelib tushadigan mablag‘lar shu korxonada faoliyat olib borayotgan har bir xodimning mehnat sharoitlari yaxshilanishi, moddiy texnika bazasining mustahkamlanishi, xodimlarni qo‘shimcha moliyaviy rag‘batlantirilishiga hamda korxonaning ravnaq topishi uchun qo‘shimcha loyihalarni tadbiq qilinishiga sarflanishi ta`kidlandi.

Seminar savol javob tarzida amalga oshirilib, xodimlarni qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddilar tomonidan atroflicha javoblar qaytarildi va bildirilgan takliflar tinglandi.

“Buxoro HETK” AJ matbuot xizmati

Accessibility