Intervyu

Har bir mahallaning barcha zarur ma’lumotlarni o‘zida mujassam etgan energetik pasporti shakllantiriladi.

Unda mahalladagi iste’molchilar soni va ularning toifalari, elektr energiyasi va tabiiy gaz infratuzilmasining mavjud holati, ularni ta’mirlash va modernizatsiya qilish uchun qancha mablag‘ va vaqt talab etilishi, yangi iste’molchilarni tarmoqqa ulash imkoniyatlari kabi barcha zarur ma’lumotlar aks ettiriladi. Agar mavjud quvvat yangi iste’molchilar ehtiyojini qoplash uchun yetarli bo‘lmasa, infratuzilmani qaysi yo‘nalishlarda kuchaytirish va kengaytirish zarurligi ham aniq belgilanadi.

Elektr va gaz ta’minoti korxonalari hamda iste’molchilar o‘rtasidagi muloqot yangi bosqichga olib chiqiladi.

Buning uchun zamonaviy onlayn platformalar ishga tushirilib, aholi va tadbirkorlarga zarur ma’lumotlarni mobil ilovalar orqali olish imkoniyati yaratiladi. Jumladan, elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar haqida ham mobil ilovalar orqali tezkor ma’lumot berib boriladi. Shu bilan birga, Call-markazlar faoliyati ham yanada takomillashtiriladi.

Elektr energiyasi va tabiiy gazni yetkazib berishdagi yo‘qotishlar hamda debitor qarzdorlikni keskin qisqartirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Bunda sohada amalga oshirilayotgan ishlar doimiy monitoring qilib boriladi, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalaniladi. Xususan, xodimlarga kunlik vazifalarni belgilash, ularning ijrosini nazorat qilish, hisobotlarni shakllantirish, mavjud xavflarni tahlil qilish, qaysi hududlarda uzilishlar ko‘p kuzatilayotganini aniqlash va kelgusida uzilish yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarni oldindan prognoz qilish imkonini beruvchi tizimlar joriy etiladi. Bu orqali avariyalarning oldini olish, zarur hollarda tarmoq quvvatini oshirish yoki infratuzilmani modernizatsiya qilish choralari oldindan ko‘riladi. Natijada xodimlar mehnat samaradorligini oshirish va tarmoqlardagi avariyalar sonini sezilarli darajada kamaytirish ko‘zda tutilmoqda.

Energiya resurslari tannarxini pasaytirishda raqobat muhitini kengaytirish va bozor mexanizmlarini jadal joriy etishga ham alohida ahamiyat beriladi.

Avvalo, suyultirilgan gazning erkin bozorini shakllantirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi. Bunda tadbirkorlarning import qilib olib kirgan suyultirilgan gazini aholi va tadbirkorlik subyektlariga sotish jarayonini soddalashtirish, ular uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish bilan birga, xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etish ta’minlanadi. Shu maqsadda amaldagi texnik reglamentlarni qayta ko‘rib chiqish va suyultirilgan gazdan foydalanish bilan bog‘liq xavflarning oldini olishga qaratilgan choralarni kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Intervyuni ko’rish