HURMATLI ELEKTR ENERGIYASI ISTE’MOLCHILARI!

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ joriy yilning 27 yanvar kunidan boshlab elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE) qayta ishga tushirilishini  ma’lum qiladi.
Mazkur tizimning qayta ishga tushirilishi natijasida qarzdorlik tufayli xonadoningizda elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar bo’lishini oldini olish maqsadida foydalanilgan elektr energiyasi uchun mamlakatimizda mavjud to’lov tizimlari (Click, Payme, Paynet) hamda banklarning mobil ilovalari orqali uydan chiqmasdan turib to’lovlarni amalga oshirish imkoniyati mavjudligini yana bir bor eslatib o’tamiz.
Eslatma: Qarzdorlarigi mavjud iste’molchilar avtomatik tarzda tarmoqdan uziladi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ

#Nosozliklar_bartaraf_etilmoqda

“Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ Podstansiyalar xizmatgohi xodimlari tomonidan sovuq kunlarda elektr energiyasiga bo’lgan talabning ortishi natijasida elektr qurilmalarida yuklama ortib, “KS-1” 110/35/6 podstansiyasida kelib chiqgan nosozliklar bartaraf etilmoqda. Har qanday ob-havo sharoitida, tun-u kun mehnat qilayotgan kasb fidoyilari ta’mirlash, tiklash ishlarini olib bormoqdalar.

“Buxoro HETK” AJ matbuot xizmati

Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlar orqali Kogon shahri hududlari elektr energiyasi ta’minotida kuzatilayotgan uzilishlar bo’yicha qilingan murojaat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Bugun kunda kuzatilayotgan anomal sovuq ob havo sababli elektr energiyasiga bo’lgan talabning oshganligi tufayli energo tizimda quvvat tanqisligi kuzatilmoqda. Quvvat tanqisligi kuzatilgan vaqtda ishlab chiqarishdagi texnologik jarayonlarni toʼxtab qolishini oldini olish, elektr energiyasini ishlab chiqarish va isteʼmol qilish muvozanatini ushlab turish, energotizimda sodir bo’lishi mumkin bo’lgan og’ir oqibatli favqulotda uzilishlarni oldini olish uchun viloyatimiz hududlarida shuningdek, Kogon shahri hududlari elektr energiyasi ta’minotida cheklovlar kiritilmoqda.

O’zbekiston Energetika vazirligining xabariga ko’ra bugungi kundagi maksimum talabni qondirish uchun gaz quvurlari va magistral elektr tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati yetarli bo‘lsa-da, resurslar yetarli emasligi hisobiga iste’molchilarni energiya resurslari bilan ta’minlashda muammolar kuzatilmoqda.

Shu munosabat bilan isteʼmolchilardan ushbu holatni to‘g‘ri tushungan holda energiya resurslaridan imkon qadar oqilona va tejamkorlik bilan foydalanishlarini so‘raymiz.

“Buxoro HETK” AJ matbuot xizmati

Maxsus avariya tiklash brigadalari tun-u kun shay holatda.

Sovuq ob-havo sharoitida aholining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi va elektr uzatish tarmoqlari, elektr qurilmalarida iste’mol yuklamalarining ortishi tufayli ayrim hududlardagi elektr uzatish tarmoqlarida avariyali uzilishlar yuzaga kelmoqda. Bunday hollarda tezkor choralar ko’rish, ta’mirlash-tiklash ishlarini olib borish va qisqa muddatlarda elektr energiyasi ta’minotini tiklash uchun “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi”AJda qo’shimcha avariya tiklash brigadalari tashkil qilingan. Maxsus brigadalar 24/7 rejimida faoliyat olib borib, joylardagi uzilishlarni bartaraf qilmoqdalar. Fotosuratlarda joylarda olib borilayotgan avariya tiklash jarayonlaridan lavhalar aks ettirilgan.

“Buxoro HETK” AJ matbuot xizmati

Ortiqchasini o'chirsangiz, kimnidir chirog'ini yoqqan bo'lasiz

   Ishdan kelsam, odam borida ham, yo‘g‘ida ham – hamma xonada chiroq yoniq. Ikkita televizor ham. Qolganlarini aytmay qo‘ya qolay. Xullas, hech kimga nafi tegmayotganlarini o‘chirdim. Uyda faqat nabiralarim bor edi. Ularga qattiq dakki bermadim.Chunki ular hali bola. Yotig‘i bilan tushuntirdim. Elektrni behuda sarflash ham uvollar sirasidan ekanligini aytdim. Va atigi bitta chiroqni yoqish yoki o‘chirish elektr tarmog‘i tugul elektr korxonasida ham shu zahoti sezilishi haqida quyidagi eshitganim va ko‘rganimni aytib berdim.

… Xizmat yuzasidan bir necha bor Markaziy Osiyodagi gigant korxona – Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi ichida bo‘lganman. Ulkan, qudratli generatorlarning baland shovqinli ish maromini kuzatganman. Haqiqatan har jihatdan mahobatli, u.

Ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi miqdori boshqaruv pultidagi monitorlarda muntazam aks etib, qizig‘i, raqamlar dam-badam o‘zgarib ham turadi. Bunga qiziqib so‘rasam, raqamlarning tez-tez o‘zgarishi iste’molchilar tomonidan o‘chirish-yoqishlarning umumiy ko‘rinishi ekan. Ya’ni iste’mol ko‘paysa, raqam yiriklashadi, kamayganda esa aksincha, albatta.

Bir chelakni to‘ldirib olsangiz, daryo suvi kamayib qolmaydi guyo. Aslida esa unday emas. Lekin bir vaqtning o‘zida millionlab, milliardlab paqirda suv olinsa, qanchalar to‘lib-toshmasin, har qanday daryo ham darhol sayozlanishi aniq. Shu ma’noda millionlab, milliardlab chiroqlarning bir vaqtda, behuda yonib turishi ham, ta’bir joiz bo‘lsa, elektr daryosini sayozlantirib qo‘yadi. Agar har birimiz faqat kerakli elektr vositalarinigina tokka ulab, qolganlarini bekorga yoqib qo‘ymasak, eh-he, shuning o‘zidan o‘zimizga ham, boshqalarga ham qanchadan-qancha foyda keltiramiz.

Alqissa: bitta bo‘lsa-da zaruratsiz yonib turgan chiroq yo boshqa elektr jihozini o‘chirsak, qaysidir yurtdoshimizning xonadoniga yorug‘lik ulashamiz, uning o‘chiq chirog‘i yonadi. Va bu bilan ham uvolga yo‘l qo‘ymaymiz, ham kimgadir naf keltirishdek savobga ega bo‘lamiz.

Omon bo‘lingizlar, azizlar! Har birimizning uyimiz ham, ko‘nglimiz ham charog‘on bo‘lsin, ilohim.

Ahmadali Shernazarov, “Xalq soʻzi” gazetasining Sirdaryo viloyati boʻyicha muxbiri

Nosozliklar_bartaraf_etilmoqda.

“Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ hamda uning tarkibidagi barcha tuman, shahar elektr ta’minoti korxonalari avariya tiklash brigadalari tomonidan elektr qurilmalari va elektr uzatish tarmoqlarida kuzatilayotgan avariyali uzilishlar tezkorlik bilan bartaraf qilinmoqda.

Havo haroratining keskin tushib ketganligiga qaramay ish jarayonlari to’xtagani yo’q.

“Buxoro HETK” AJ matbuot xizmati