Tashrif buyuring, guvohi bo‘ling

XXI asr – axborot texnologiyalari asri. Darhaqiqat, bugungi kunda axborot texnologiyalari kirib bormagan biror bir soha, albatta bo‘lmasa kerak. Oddiy bir misol qilib shuni aytishimiz mumkinki, kompyuter qurilmalari va telefon apparatlari har bir zamondoshimizning haqiqiy ma’nodagi yordamchisiga aylanib bormoqda. So‘zimiz isbotini “Buxoro HETK” AJga qadam ranjida qilgan har bir inson ko‘rishi mumkin.

“Buxoro HETK” AJda korxona tashkil qilinganligining 70-yilligiga bag‘ishlab  1993 yilda tashkil qilingan muzey qayta ta’mirlanib, ishga tushirildi. Diqqatga sazovorli tomoni shundaki, muzeyda korxona tashkil topganidan to hozirgi davrgacha bo‘lgan korxona faoliyatiga tegishli eksponatlardan tashqari, yangilik sifatida AR (inglizcha: “augmented reality”) – kengaytirilgan voqelik texnologiyasidan qo‘llanildi.

Muzeyga tashrif buyurganlar o‘zlarining smartfonlariga AR-texnologiyalaridan foydalanish yo‘riqnomasidan QR-kodni skaner qilib mobil ilovani yuklab olishlari mumkin. Mobil ilova yuklab olinganidan so‘ng, smartfon ekranini muzeyda joylashtirilgan maxsus AR-markerli fotosuratga yo‘naltirsa, smartfon ekranida korxona tarixi haqida so‘zlab beruvchi videorolik paydo bo‘ladi. Muzeyga tashrif buyurgan yosh-u qari  ushbu videorolikni ko‘rib korxona faoliyati tarixi bilan tanishishga muvaffaq bo‘ladi. Jami muzeyda 4 ta maxsus AR-markerli fotosuratlar qo‘yilgan bo‘lib, ularning har birida korxona faoliyati tarixini so‘zlab beruvchi videoroliklar joy olgan.

Muzeyda qo‘llanilgan AR-texnologiyasining afzallik tomoni shundaki, muzeyga tashrif buyurgan odam birovning xizmatisiz, o‘zi, bemalol korxona faoliyati tarixi bilan tanishadi.

“Buxoro HETK” AJ Matbuot xizmati.

 

 

 

Accessibility