Yangi qaror: 1-maydan 201 kVt⋅soatdan 500 kVt⋅soatgacha elektr energiyasiga 900 so‘mdan emas, 800 so‘mdan to‘laysiz

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika resurslari iste’molchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2024-2025-yillarda yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining bosqichma-bosqich o‘zgarish grafigiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida” 194-son qarori qabul qilindi.
Davlatimiz rahbarining topshiriqlariga muvofiq ishlab chiqilgan mazkur qaror bilan Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-apreldagi 204-son qarori bilan tasdiqlangan 2024-2025-yillarda yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining bosqichma-bosqich o‘zgarish grafigiga aholi uchun yengillik yaratadigan o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Masalan, yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining oshishi muddati 1-apreldan 1-may sanasiga ko‘chirildi.
Qolaversa, 201 kVt·soatdan 1000 kVt·soatgacha bo‘lgan differensiallashgan tarif bo‘yicha iste’mol miqdori orasiga yangi miqdor kiritilmoqda. Ya’ni 2025-yil 1-maydan e’tiboran aholi iste’molchilari 201 kVt·soatdan 500 kVt·soatgacha bo‘lgan yangi miqdor oralig‘ida har bir kilovatt·soat uchun 800 so‘mdan to‘laydi (shu paytgacha 201 kVt·soatdan 1000 kVt·soatgacha bo‘lgan qismi uchun 900 so‘mdan haq to‘langan).
Aytish joizki, bir oyda o‘rtacha 500 kVt·soat miqdorida elektr energiyasi sarflaydigan xonadon vakillari buning uchun 2025-yilning 1-may sanasiga qadar 360 ming so‘m to‘lashardi (200 kVt·soat bazaviy norma uchun 90 ming so‘m, 201 kVt·soatdan 500 kVt·soat uchun 270 ming so‘m). Tarif o‘zgarishlaridan so‘ng bir oyda o‘rtacha 500 kVt·soat tok ishlatadigan xonadon buning uchun… 360 ming so‘m to‘laydi (200 kVt·soat bazaviy norma uchun 120 ming so‘m, 201 kVt·soatdan 500 kVt·soat uchun 240 ming so‘m). Ya’ni ular uchun narx oshayotgani yo‘q.
Bundan tashqari, qaror bilan elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari har yili 1-maydan bir marotaba yillik inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda 10 foizdan yuqori bo‘lmagan miqdorda indeksatsiya qilib borilishi belgilanmoqda.