ISTIQBOLLI LOYIHALAR MAMLAKATIMIZ RIVOJIGA XIZMAT QILADI

 ISTIQBOLLI LOYIHALAR MAMLAKATIMIZ RIVOJIGA XIZMAT QILADI

Mamlakatimiz hududlarida energetika sohasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida energetika vaziri Alisher Sultonov boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro viloyatida bo‘ldi.

Xususan, “Buxoro HETK” AJ tomonidan sohani yanada rivojlantirish, ishlab chiqilgan dasturlar hamda loyihalarning joylardagi ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar yaqindan o‘rganilib, bu boradagi yutuq va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga e’tibor qaratildi. O‘rganishlar doirasida Peshku tumaniga tashrif uyushtirildi va bu yerdagi aholi va tadbirkorlik sub’ektlarning elektr energiyasi ta’minoti masalalari tahlil qilindi.

Ta’kidlanganidek, hozirda Buxoro viloyatida elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ga  ulangan zamonaviy hisoblagichlar o‘rnatish ishlari izchillik bilan olib borilmoqda. Yig‘ilganlar “Buxoro HETK” AJning mutaxassislari tomonidan viloyat miqyosida o‘tgan davr mobaynida bu borada olib borilgan sa’y-harakatlar, qolaversa ushbu tizim orqali iste’molchilarga yaratiladigan qulaylik va imkoniyatlar, shu bilan bir qatorda erishilishi kutilayotgan iqtisodiy samaradorliklar xususidagi taqdimot bilan tanishdilar.

Energetika vaziri Alisher Sultonov va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisi Ulug‘bek Mustafoev tomonidan Buxoro viloyati miqyosida ASKUE tizimini qisqa muddatlarda to‘laqonli tatbiq etish, shuningdek, mahalliy aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini ushbu tizimning afzalliklari bilan tanishtirib borish masalalariga alohida e’tibor berish kerakligi ta’kidlanib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar borasida tegishli topshiriqlar berildi.

“Buxoro HETK” AJ matbuot xizmati