Prezidentning 2018 yil 23 oktyabrda “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 2021 yil yakunigacha 7 milliondan ortiq iste’molchilarning barchasi elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanishi belgilangan.
Foto: O‘zbekenergo
“O‘zbekenergo” AJ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Buxoro viloyatida ham Janubiy Koreyaning “KT Corporation” kompaniyasi bilan hamkorlikda elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish ishlari davom etmoqda.
– Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilgach, iste’molchilarning elektr hisoblagichlari masofadan turib boshqarilishi va elektr ta’minoti korxonasi bilan iste’molchilarga bir qator qulayliklar yaratiladi, – deydi Buxoro viloyati Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bosh direktori Istam Ahmetov. – Qolaversa, iste’mol qilingan elektr energiyasining to‘lovlarini yig‘ishdagi muammolar hal etiladi ya’ni, iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berish oldindan to‘langan haq doirasida amalga oshirilganligi sababli, ta’minotchi korxona hamda iste’molchilar o‘rtasidagi noaniq qarzdorlik masalasi o‘z yechimini topadi, transformator punktlaridan oqib o‘tayotgan elektr energiyasi va texnik yo‘qotishlarning real vaqtdagi miqdorini aniqlash imkoniyati yaratiladi.
Foto: O‘zbekenergo
Iste’molchilarga foydalanilgan elektr energiyasi miqdori, to‘lagan mablag‘i, avariyali va rejali o‘chirishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qo‘l telefonlariga yuboriladigan SMS xabarlar orqali bilib olish imkoni mavjud bo‘ladi. Ayni paytda Buxoro shahriga 36288 dona elektr hisoblagichlar yetkazib berildi. Buxoro shahridagi ko‘p qavatli uylarning 35 ming xonadonida elektr hisoblagichlar o‘rnatildi. Joriy yilning oxiriga qadar 400 000 dona elektr hisoblagichlar va apparat komplekslari yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
Buxoro shahrida 77 990 nafar iste’molchilarning elektr hisoblagichlari mavjud bo‘lib, ushbu ishlar reja asosida 1-chorakda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, viloyatdagi barcha iste’molchilarning elektr hisoblagichlari elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan 2019-2021 yillar davomida pudratchi tashkilot hamkorligida bosqichma-bosqich yetkazib beriladigan ko‘p funksiyali “KAIFA” rusumli elektr hisoblagichlarga almashtiriladi va to‘liq Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanib, “Billing” markazi orqali boshqarilishi ta’minlanadi.
Manba: Kun.uz