Ortiqchasini o'chirsangiz, kimnidir chirog'ini yoqqan bo'lasiz

   Ishdan kelsam, odam borida ham, yo‘g‘ida ham – hamma xonada chiroq yoniq. Ikkita televizor ham. Qolganlarini aytmay qo‘ya qolay. Xullas, hech kimga nafi tegmayotganlarini o‘chirdim. Uyda faqat nabiralarim bor edi. Ularga qattiq dakki bermadim.Chunki ular hali bola. Yotig‘i bilan tushuntirdim. Elektrni behuda sarflash ham uvollar sirasidan ekanligini aytdim. Va atigi bitta chiroqni yoqish yoki o‘chirish elektr tarmog‘i tugul elektr korxonasida ham shu zahoti sezilishi haqida quyidagi eshitganim va ko‘rganimni aytib berdim.

… Xizmat yuzasidan bir necha bor Markaziy Osiyodagi gigant korxona – Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi ichida bo‘lganman. Ulkan, qudratli generatorlarning baland shovqinli ish maromini kuzatganman. Haqiqatan har jihatdan mahobatli, u.

Ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi miqdori boshqaruv pultidagi monitorlarda muntazam aks etib, qizig‘i, raqamlar dam-badam o‘zgarib ham turadi. Bunga qiziqib so‘rasam, raqamlarning tez-tez o‘zgarishi iste’molchilar tomonidan o‘chirish-yoqishlarning umumiy ko‘rinishi ekan. Ya’ni iste’mol ko‘paysa, raqam yiriklashadi, kamayganda esa aksincha, albatta.

Bir chelakni to‘ldirib olsangiz, daryo suvi kamayib qolmaydi guyo. Aslida esa unday emas. Lekin bir vaqtning o‘zida millionlab, milliardlab paqirda suv olinsa, qanchalar to‘lib-toshmasin, har qanday daryo ham darhol sayozlanishi aniq. Shu ma’noda millionlab, milliardlab chiroqlarning bir vaqtda, behuda yonib turishi ham, ta’bir joiz bo‘lsa, elektr daryosini sayozlantirib qo‘yadi. Agar har birimiz faqat kerakli elektr vositalarinigina tokka ulab, qolganlarini bekorga yoqib qo‘ymasak, eh-he, shuning o‘zidan o‘zimizga ham, boshqalarga ham qanchadan-qancha foyda keltiramiz.

Alqissa: bitta bo‘lsa-da zaruratsiz yonib turgan chiroq yo boshqa elektr jihozini o‘chirsak, qaysidir yurtdoshimizning xonadoniga yorug‘lik ulashamiz, uning o‘chiq chirog‘i yonadi. Va bu bilan ham uvolga yo‘l qo‘ymaymiz, ham kimgadir naf keltirishdek savobga ega bo‘lamiz.

Omon bo‘lingizlar, azizlar! Har birimizning uyimiz ham, ko‘nglimiz ham charog‘on bo‘lsin, ilohim.

Ahmadali Shernazarov, “Xalq soʻzi” gazetasining Sirdaryo viloyati boʻyicha muxbiri